Yangiliklar/Siyosat

“Bozor nazorati toʻgʻrisida”gi qonun birinchi oʻqishda qabul qilindi

Siyosat 20 aprel, 12:00
“Bozor nazorati toʻgʻrisida”gi qonun birinchi oʻqishda qabul qilindi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 7-aprel kuni “Bozor nazorati to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Hujjat mahsulot bozorda muomalaga chiqarilgunga qadar o‘tkaziladigan tekshiruvlardan voz kechib, savdoda bo‘lgan tovarlarni nazorat qilish tizimini joriy etishni nazarda tutadi. Loyihani ishlab chiquvchilarga ko‘ra, bu tadbirkorlarga tushadigan bosimni kamaytirish va ishlab chiqaruvchilar hamda import qiluvchilarning mahsulot xavfsizligi bo‘yicha mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi Prezident farmonlarini ijro etish doirasida tayyorlangan bo‘lib, O‘zbekiston qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti talablari va Yevropa Ittifoqi standartlariga yaqinlashtirishga qaratilgan. Ma’ruza bilan Texnik tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov chiqish qilib, amaldagi davlat nazorati modeli samaradorligi past ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, tizim asosan biznes subyektlarini tekshirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, mahsulot sifati va xavfsizligini tahlil qilishga yetarli e’tibor qaratilmayapti.

Jumanazarovning so‘zlariga ko‘ra, amaldagi tizim turli idoralar vakolatlarining takrorlanishi, nazoratning parchalanib ketgani hamda aniqlangan nuqsonlar bo‘yicha import qiluvchilarning mas’uliyati pastligi bilan ajralib turadi. Yangi qonun xalqaro market surveillance — bozor nazorati tamoyilini joriy etishni taklif qiladi. Ushbu yondashuvda nazorat obyekti korxonaning faoliyati emas, balki aynan nooziq-ovqat mahsulotlari hisoblanadi.

Qonun loyihasi oziq-ovqat mahsulotlari, dori vositalari, alkogol va tamaki mahsulotlari, hayvonlar va o‘simliklar, shuningdek ayrim boshqa toifadagi mahsulotlarga tatbiq etilmaydi. Nazorat nazorat xaridlari, ekspertiza va sinovlar orqali amalga oshiriladi. Talablarga javob bermaydigan mahsulotlar aniqlangan taqdirda, ularni realizatsiyasini to‘xtatish, chaqirib olish yoki muomaladan chiqarish choralari ko‘riladi. Shuningdek, bojxona organlarining mahsulot talabga mos kelmasligi xavfi mavjud bo‘lsa, uni erkin muomalaga chiqarishni vaqtincha to‘xtatish vakolati belgilangan.

Muhokamalar davomida deputatlar bozor nazorati organlariga berilayotgan keng vakolatlar va ularning suiiste’mol qilinishi ehtimoli borasida tashvish bildirdi. Qayd etilishicha, loyiha kelishuv jarayonida bir qator vazirlik va idoralar tomonidan e’tirozlar bilan ma’qullangan, asosiy vakolatlarni esa quyi normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilash taklif etilgan.

Loyiha mualliflari ikkinchi o‘qishga qadar barcha ishtirokchi idoralar vakolatlari qonunning o‘zida aniq belgilanishini, islohotdan ko‘zlangan maqsad esa biznes faoliyatini cheklash emas, balki mahsulot xavfsizligi va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish ekanini ma’lum qildi.

Qonun loyihasi asos sifatida qabul qilinib, deputatlar bildirgan taklif va mulohazalarni inobatga olgan holda takomillashtirish uchun qayta ishlashga yuborildi.

2270

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→