Yangiliklar/Iqtisod

Oʻzbekistonda oilalarga nechta avtomobildan to‘g‘ri keladi?

Iqtisod 17 aprel, 11:30
Oʻzbekistonda oilalarga nechta avtomobildan to‘g‘ri keladi?

O‘zbekistonda aholining shaxsiy avtotransport bilan ta’minlanganlik darajasi oshib bormoqda. Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan uy xo‘jaliklari tanlanma kuzatuvi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda har 100 ta uy xo‘jaligiga o‘rtacha 61 ta yengil avtomobil to‘g‘ri kelgan.

Statistik ma’lumotlar ushbu ko‘rsatkichning so‘nggi yillarda barqaror o‘sib borayotganini ko‘rsatmoqda. Jumladan, 2010-yilda 100 ta uy xo‘jaligiga atigi 21 ta avtomobil to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2015-yilda bu ko‘rsatkich 42 taga, 2020-yilga kelib esa 49 taga yetgan. Shunday qilib, so‘nggi o‘n besh yil ichida mamlakatda uy xo‘jaliklarining avtomobillashuv darajasi qariyb uch barobar oshgan.

Mutaxassislar bu o‘sishni aholi daromadlarining ortishi, ichki avtomobil bozorining kengayishi, shuningdek, kredit va lizing dasturlarining yanada qulaylashgani bilan izohlamoqda. Ayniqsa, hududlarda yo‘l infratuzilmasining rivojlanishi muhim rol o‘ynagan.

Shaxsiy avtomobillar sonining ko‘payishi aholi turmush darajasi va harakatchanligidagi o‘zgarishlarni aks ettiradi. Shu bilan birga, bu jarayon shaharlardagi transport tizimiga yuklamani oshirib, jamoat transportini rivojlantirish va yo‘l infratuzilmasini rejalashtirish masalalarining dolzarbligini kuchaytirmoqda.

2730

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→