Yangiliklar/Iqtisod

Oʻzbekistonda texnikum va litseylarning milliy reytingi joriy etiladi

Iqtisod 16 aprel, 17:26
Oʻzbekistonda texnikum va litseylarning milliy reytingi joriy etiladi

Oʻzbekistonda texnikumlar va akademik litseylarning milliy reytinglari shakllantiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi maʼlum qildi.

Adliya vazirligi oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlari reytingini yuritish hamda ularni ragʻbatlantirish tartibini belgilovchi hujjatni roʻyxatdan oʻtkazdi.

Reytinglarni Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi yuritadi. Texnikumlar va akademik litseylar alohida baholanadi. Koʻrsatkichlarni shakllantirishda quyidagi manbalardan foydalaniladi:

  • davlat organlarining axborot tizimlari maʼlumotlari;
  • taʼlim muassasalari tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar;
  • umumxalq soʻrovi natijalari.

Oʻquvchilar, pedagoglar va ish beruvchilar oʻrtasida oʻtkaziladigan soʻrovnomalar har yili 30-mayga qadar, yakuniy reytinglar esa 10-oktabrga qadar eʼlon qilinadi.

Hujjatda moliyaviy ragʻbatlantirish choralari ham nazarda tutilgan. Milliy reytingda eng yuqori oʻrinlarni egallagan 50 ta texnikum har biri 3 000 bazaviy hisoblash miqdori (BHM) miqdorida mablagʻ bilan mukofotlanadi.

Ajratiladigan mablagʻlardan:

  • 80 foizi — moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga;
  • 20 foizi — rahbariyat va xodimlarni moddiy ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilishi mumkin.
1640

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→