Yangiliklar/Siyosat

“O‘zatom”: Jizzaxdagi AES loyihasi amaliy bosqichga o‘tdi

Siyosat 14 noyabr, 10:35
 “O‘zatom”: Jizzaxdagi AES loyihasi amaliy bosqichga o‘tdi

Jizzax viloyatida atom elektr stansiyasini qurish loyihasi rejalashtirishdan amaliy bosqichga o‘tdi. Bu haqda “O‘zatom” agentligi direktori Azim Ahmedxadjayev ma’lum qildi. Stansiya tarkibiga ikkita yirik quvvatli energoblok va kichik quvvatli reaktorlarni kiritish rejalashtirilgan.

Ahmedxadjayev 12–13-noyabr kunlari Antalyada o‘tkazilgan World Atomic Days forumida loyiha haqida ma’lumot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Jizzax viloyatidagi maydonda tayyorgarlik ishlari 2024-yil oktabridan beri davom etmoqda.

Loyihada VVER-1000 reaktoriga ega ikkita yirik energoblok hamda RITM-200N reaktorlari asosidagi kichik quvvatli bloklar ko‘zda tutilgan. Qurilish ishlari kichik atom elektr stansiyasi bloklaridan boshlangan.

Stansiyada quruq sovitish tizimi qo‘llanadi

Loyihaga quruq sovitish tizimi kiritilgan. An’anaviy sovitish usulida issiqlik asosan suv yordamida chiqariladi. Quruq tizim esa havo oqimidan foydalanadi va suv sarfini kamaytiradi.

Bu yechim suv resurslari cheklangan hududlar uchun muhim. Biroq quruq sovitish samaradorligi havo haroratiga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Kelajakdagi stansiyada qo‘llanadigan tizimning texnik ko‘rsatkichlari va uning ishlab chiqarish samaradorligiga ta’siri hozircha ochiqlanmagan.

AES uchun mahalliy mutaxassislar tayyorlanadi

Maydondagi ishlar bilan bir vaqtda O‘zbekistonda atom energetikasi uchun milliy kadrlar bazasi shakllantirilmoqda.

Ahmedxadjayevning aytishicha, tayyorgarlik kelajakdagi muhandislar, operatorlar, xavfsizlik mutaxassislari va turdosh sohalar xodimlarini qamrab oladi. Stansiyani loyihalash, qurish va keyinchalik unga xizmat ko‘rsatishda qatnasha oladigan mahalliy yetkazib beruvchilar tizimini yaratish ham rejalashtirilgan.

O‘zbekiston korxonalarining loyiha doirasidagi ulushi va mamlakatda ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan uskunalar ro‘yxati hozircha e’lon qilinmagan.

Kadrlar tayyorlash va milliy yadro infratuzilmasini rivojlantirish O‘zbekiston atom energetikasini rivojlantirish konsepsiyasining asosiy yo‘nalishlaridan biridir. Unda sohani tartibga solish tizimini yaratish, yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlikni ta’minlash, mutaxassislarni tayyorlash hamda jamoatchilikka ochiq axborot berish nazarda tutilgan.

“O‘zatom” Vazirlar Mahkamasi huzurida faoliyat yuritadi va atom energetikasi sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish uchun mas’ul hisoblanadi.

Yoshlarning atom energetikasidagi ishtiroki muhokama qilindi

Forumda Impact Team 2050 tashabbusi ham taqdim etildi. U atom energetikasiga qiziqadigan yosh mutaxassislar va talabalarni birlashtiradi.

Tashabbus kengashi a’zolari milliy yoshlar yadro muloqotlari natijalarini muhokama qildi. “O‘zatom” ma’lumotiga ko‘ra, bunday uchrashuvlar 15 ta mamlakatda o‘tkazilib, ularda 15 mingdan ortiq yosh qatnashgan.

Tashabbus yoshlarni atom energetikasini rivojlantirish, soha uchun mutaxassislar tayyorlash va xalqaro hamkorlik masalalariga jalb qilishga qaratilgan. Uning doirasida O‘zbekistonda qanday ta’lim dasturlari yoki loyihalar amalga oshirilishi hozircha aytilmagan.

AESni ishga tushirishdan oldin joylashtirish va faoliyat uchun zarur litsenziyalar olinishi, ekologik baholash o‘tkazilishi, ishlatilgan yadro yoqilg‘isi hamda radioaktiv chiqindilar bilan ishlash tizimi yaratilishi kerak. Favqulodda holatlarga tayyorgarlik va aholini himoya qilish tartibi ham ishlab chiqilishi lozim.

5390

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→