Yangiliklar/Siyosat

Yangi Toshkentda alohida hokimlik tashkil etiladi

Siyosat 12 noyabr, 10:09
Yangi Toshkentda alohida hokimlik tashkil etiladi

Bu tartib prezidentning 2026-yil 10-noyabrdagi PF-243-son farmonida belgilangan. Hujjat 11-noyabrdan kuchga kirdi.

Yangi hokimlik hududni boshqarish, aholiga xizmat ko‘rsatish hamda ijtimoiy va infratuzilma obyektlari faoliyatini tashkil etish bilan shug‘ullanadi. Yangi Toshkentning ma’muriy chegaralari rasman belgilanguniga qadar boshqaruv maxsus huquqiy rejim asosida amalga oshiriladi.

Farmon bilan hokimlik apparatining namunaviy tuzilmasi hamda Yangi Toshkentda faoliyat yuritadigan davlat organlari va tashkilotlari bo‘linmalarining shtat birliklari ham tasdiqlandi.

Davlat va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bo‘linmalari ochiladi

Bir oy ichida Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar Yangi Toshkentda o‘z bo‘linmalarini tashkil etishi kerak.

Yangi hokimlik va davlat idoralarining hududiy bo‘linmalari avval Toshkent viloyati hamda uning tumanlaridagi tegishli organlar vakolatiga kirgan masalalar bo‘yicha mustaqil qaror qabul qila oladi.

Ushbu vakolatlar Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasiga doimiy foydalanish uchun ajratilgan hududlarda amal qiladi. Yangi tuzilmalar o‘zlariga yuklangan vazifalarni mustaqil bajarish huquqiga ham ega bo‘ladi.

Odatda mahalliy budjetdan moliyalashtiriladigan hokimlik, davlat idoralari va tashkilotlar bo‘linmalarini saqlash xarajatlari respublika budjeti hisobidan qoplanadi.

Yangi Toshkent uchun qariyb 20 ming gektar yer ajratilgan

Yangi Toshkent Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlari hududida barpo etilmoqda. Loyiha uchun 19 720,9 gektar yer tanlangan. Dastlabki bosqichda 2 420 gektar maydonda qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Shaharning bosh rejasini ishlab chiqishga Singapurning Meinhardt Pte. Ltd, Buyuk Britaniyaning Foster + Partners va Niderlandiyaning OMA kompaniyalari jalb qilingan.

Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi 2023-yilda Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etilgan. Uning direktori bir vaqtning o‘zida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari hisoblanadi. Direksiya faoliyatini boshlashi uchun “Mahalla” xayriya jamoat fondidan $50 mln ekvivalentidagi mablag‘ni beg‘araz ajratish belgilangan edi.

Alohida hokimlik tashkil etilishi bilan Yangi Toshkentda qurilishni muvofiqlashtirishdan tashqari, aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish, infratuzilmani boshqarish va hududning kundalik faoliyatini ta’minlashga mas’ul boshqaruv tizimi shakllantiriladi.

5210

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→