“Yangi Buxoro” aeroporti terminalini Turkiya va Qatar kompaniyalari quradi

Turkiyaning Limak İnşaat va Qatarning Hamad Bin Khalid Contracting kompaniyalari konsorsiumi “Yangi Buxoro” xalqaro aeroportining yo‘lovchi terminalini qurish va boshqarish bo‘yicha tenderda g‘olib chiqdi. Tomonlar 23 yilga mo‘ljallangan davlat-xususiy sheriklik bitimini imzolashi kerak.
Uzbekistan Airports xalqaro tenderning barcha bosqichlari yakunlanganini ma’lum qildi. Tanlov 2026-yil 12-martda Build-Transfer-Operate, ya’ni “qurish, topshirish va boshqarish” modeli asosida e’lon qilingan edi.
Tender ikki bosqichda o‘tkazildi. Dastlab kompaniyalarning malakasi baholandi, keyin esa ularning takliflari ko‘rib chiqildi. Ikkinchi bosqichga oltita xalqaro kompaniya o‘tgan.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Limak İnşaat Sanayi ve Ticaret A.Ş. va Hamad Bin Khalid Contracting Company W.L.L. kompaniyalaridan iborat konsorsium eng yaxshi taklif egasi deb topildi.
Keyingi bosqichda davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolanadi. Uning umumiy muddati 23 yilni, shu jumladan, qurilish davri ko‘pi bilan uch yilni tashkil etadi.
Terminal soatiga 1200 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi
Xususiy sherik quyidagi obyektlarni quradi va boshqaradi:
- soatiga 1200 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadigan terminal;
- aeroport oldi maydoni;
- avtomobillar turargohi;
- terminal bilan bog‘liq yordamchi infratuzilma.
Davlat tomoni aerodrom majmuasi, jumladan, uchish-qo‘nish yo‘lagi va perronni qurish hamda boshqarish uchun javob beradi.
Uzbekistan Airports loyihaning qiymati, moliyalashtirish manbalari va qurilishning aniq boshlanish sanasini ochiqlamadi.
G‘olib kompaniyalar boshqa aeroport loyihalarida ham ishlagan
Limak Priştina va Dakar xalqaro aeroportlarini boshqaradi. Kompaniya Istanbul aeroportini qurish va boshqarishda qatnashgan, ayni paytda Kuvayt xalqaro aeroportining yangi terminalini barpo etmoqda. U avval Qohira xalqaro aeroporti loyihasida ham ishlagan.
HBK Contracting esa Qatardagi “Lusail” stadionining bosh pudratchisi bo‘lgan. Mazkur stadionda 2022-yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati final uchrashuvi o‘tkazilgan.
Uzbekistan Airports yangi aeroport Buxoraga kelayotgan sayyohlar oqimini qabul qilish va viloyatning xorijiy davlatlar bilan aviaqatnovlarini kengaytirishga xizmat qilishini bildirdi.
Loyiha 2024-yilda tasdiqlangan
“Yangi Buxoro” xalqaro aeroportini qurish va boshqarish loyihasi prezidentning 2024-yil 30-avgustdagi PQ-308-son qarori asosida amalga oshirilmoqda.
Loyiha uchun Uzbekistan Airports, Transport vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi mas’ul etib belgilangan.
BTO modeli bo‘yicha xususiy sherik obyektni quradi, davlatga topshiradi va bitimda belgilangan muddat davomida uni boshqaradi. Daromadlar, xatarlar va xarajatlarni tomonlar o‘rtasida taqsimlash shartlari davlat-xususiy sheriklik bitimi imzolangach ma’lum bo‘ladi.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Shavkat Mirziyoyev dunyoning eng nufuzli musulmonlari reytingida 40-o‘rinni egalladi

Toshkentning Mirobod tumanida ikkita kiberguruh fosh etildi

Milliy gvardiya SIga ega dronlar va robotlarni sinovdan o‘tkazmoqda: yil oxirigacha ularni Toshkent bog‘lariga chiqarish rejalashtirilgan

Toshkentning Chilonzor va Uchtepa tumanlarida 14-noyabr kuni soat 15:00 dan 16:00 gacha elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lishi mumkin
