Xorijiy aksiyalarni O‘zbekiston brokerlari orqali sotib olish mumkin bo‘ladi

O‘zbekistondagi malakali investorlar xorijiy aksiyalar, obligatsiyalar va birja fondlari ulushlarini mahalliy brokerlar orqali sotib olishi mumkin bo‘ladi. Istiqbolli loyihalar milliy agentligi xorijiy qimmatli qog‘ozlarni muomalaga kiritish, ular bilan savdo qilish va hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibini tasdiqladi.
Nizom 12-noyabrdan kuchga kirdi. U kapital bozoridagi “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi doirasida amal qiladi. Buyruq 2026-yil 11-noyabrda 3971-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Qaysi qimmatli qog‘ozlar bilan savdo qilinadi?
Nizom quyidagi xorijiy qimmatli qog‘ozlar muomalasiga ruxsat beradi:
- xorijiy fond indekslariga kiritilgan aksiyalar;
- chet el kompaniyalarining obligatsiyalari;
- xorijiy davlatlarning obligatsiyalari;
- birjada savdo qilinadigan investitsiya fondlari, ya’ni ETF ulushlari va aksiyalari;
- indeks fondlarining qimmatli qog‘ozlari;
- xorijiy kompaniyalarning depozitar tilxatlari.
Savdo ikki usulda tashkil etiladi.
Birinchi usulda investor O‘zbekiston fond birjasi maydonchasi yoki mahalliy brokerning elektron platformasida xorijiy qimmatli qog‘oz bilan ta’minlangan moliyaviy instrumentni sotib oladi.
Ikkinchi usulda mahalliy broker investorga xorijiy savdo maydonchasiga chiqish imkonini beradi. Bunda bitimni amalga oshirish va qimmatli qog‘ozlarni hisobga olish xorijiy investitsiya vositachisi orqali bajariladi.
Mahalliy instrumentlar xorijiy aktivlar bilan ta’minlanadi
O‘zbekiston ichidagi maydonchada savdo qilish uchun Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi xorijiy aktiv bilan ta’minlangan alohida moliyaviy instrument yaratadi.
Buning uchun asos bo‘ladigan xorijiy aksiya, obligatsiya yoki boshqa qimmatli qog‘oz Markaziy depozitariyning chet eldagi hisobvarag‘ida saqlanishi kerak. Bitta mahalliy instrumentga xorijiy aktivning bir birligi mos keladi.
Masalan, depozitariyning xorijiy hisobvarag‘ida ma’lum kompaniyaning 10 mingta aksiyasi bo‘lsa, ular asosida 10 mingdan ortiq mahalliy instrument chiqarish mumkin emas.
Asosiy aktivlarni garovga qo‘yish, hisobvaraqdan chiqarish yoki investorlarning huquqlarini cheklaydigan boshqa maqsadlarda ishlatish taqiqlanadi. Depozitariy muomaladagi instrumentlar sonini ularni ta’minlayotgan xorijiy aktivlar bilan muntazam solishtirib boradi.
Tafovut aniqlansa, muammo bartaraf etilguniga qadar yangi bitimlar cheklanadi.
Kimlar xorijiy aksiyalarni sotib olishi mumkin?
Yangi tartib bo‘yicha xorijiy qimmatli qog‘ozlarni faqat malakali investorlar sotib olishi mumkin.
Jismoniy shaxs quyidagi talablardan kamida bittasiga javob berishi kerak:
- Kamida $5 ming miqdorida pul, qimmatli qog‘oz yoki boshqa moliyaviy instrumentlarga ega bo‘lish.
- Oxirgi 12 oy ichida broker belgilagan hajmda qimmatli qog‘ozlar bilan bitim tuzgan bo‘lish.
- O‘zbekiston qimmatli qog‘ozlar bozori mutaxassisining malaka sertifikatiga ega bo‘lish.
- CFA, CIIA, FRM yoki broker tan oladigan boshqa xalqaro professional sertifikatga ega bo‘lish.
- Moliya, iqtisodiyot, matematika, investitsiya, buxgalteriya hisobi, biznes-tahlil yoki moliyaviy huquq bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lish.
- Qimmatli qog‘ozlar, investitsiya qarorlari yoki moliyaviy xatarlarni boshqarish bilan bog‘liq lavozimda kamida ikki yil ishlagan bo‘lish.
$5 minglik talab investor shu mablag‘ning barchasini aksiyalarga sarflashi kerakligini anglatmaydi. Bu malakali investor maqomini olish uchun qo‘llanadigan mezonlardan biridir.
Aktivlar miqdorini bank, brokerlik, depozitar yoki investitsiya hisobvaraqlaridagi ma’lumotlar bilan tasdiqlash mumkin. Xorijiy moliya tashkilotlarida ochilgan hisobvaraqlar ham inobatga olinadi.
Mijozning talablarga mosligini investitsiya vositachisi tekshiradi.
Investor testdan o‘tadi
Malakali investor maqomini olishdan oldin jismoniy shaxs qimmatli qog‘ozlar bozori, moliyaviy instrumentlar, investitsiya xatarlari va qonunchilik bo‘yicha test topshiradi.
Testni masofadan o‘tkazishga ruxsat beriladi. Savollar, o‘tish mezoni va qayta topshirish tartibini broker belgilaydi.
Tegishli ish tajribasi, oliy ma’lumoti yoki professional malakasi bor mijoz broker qarori bilan testdan ozod qilinishi mumkin. Majburiy testdan o‘ta olmagan shaxsga malakali investor maqomi berilmaydi.
Brokerlar instrumentlarning murakkabligi va xatar darajasidan kelib chiqib, mijozlarga qo‘shimcha talablar qo‘yishi yoki ayrim aktivlardan foydalanishni cheklashi mumkin.
Banklar, sug‘urta kompaniyalari, investitsiya fondlari va qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchilari yuridik shaxs sifatida malakali investor deb tan olinadi. Boshqa korxonalar uchun sof aktivlar miqdori, xodimlar malakasi va bitimlar tajribasiga doir alohida mezonlar qo‘llanadi.
Investorlar xorijiy qimmatli qog‘ozlarni yoki ular asosida chiqarilgan moliyaviy instrumentlarni qarz mablag‘lari hisobidan sotib ololmaydi.
Yuridik shaxslar investitsiyalar uchun eksport tushumi yoki qonunda taqiqlanmagan boshqa manbalardan olingan o‘z xorijiy valyutasidan foydalanishi mumkin. Konvertatsiya orqali sotib olingan valyutani bu operatsiyalarga yo‘naltirishga ruxsat berilmaydi.
Qimmatli qog‘ozlar maxsus reyestrga kiritiladi
Xorijiy qimmatli qog‘ozlar faqat Istiqbolli loyihalar milliy agentligining maxsus reyestriga kiritilgandan keyin muomalaga chiqariladi.
Qimmatli qog‘oz xalqaro ISIN raqami yoki boshqa rasmiy identifikatorga ega bo‘lishi kerak. Shuningdek, u ro‘yxatdagi qimmatli qog‘ozlarning jami kapitallashuvi oxirgi yakunlangan kalendar yilida kamida $1 trln bo‘lgan xorijiy savdo maydonchasida listingdan o‘tgan bo‘lishi lozim.
$1 trlnlik mezon alohida kompaniyaga emas, xorijiy savdo maydonchasidagi barcha qimmatli qog‘ozlarning umumiy kapitallashuviga taalluqli.
Qimmatli qog‘ozni reyestrga kiritish uchun mahalliy investitsiya vositachisi, bank yoki xorijiy nominal saqlovchi ariza topshirishi mumkin. Agentlik hujjatlarni 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqadi.
Muomalaga chiqariladigan qimmatli qog‘ozlar hajmi O‘zbekiston Markaziy banki bilan kelishiladi. Kelishuv davrida arizani ko‘rib chiqish ko‘pi bilan yana 10 kunga to‘xtatib turilishi mumkin.
Reyestr elektron shaklda yuritilib, agentlik saytida e’lon qilinadi.
Pul qanday kiritiladi va yechib olinadi?
Hisob-kitoblar xorijiy valyutada amalga oshiriladi.
Mahalliy maydonchalarda savdo qilish uchun brokerlar Markaziy depozitariyning agent-bankida alohida valyuta hisobvaraqlarini ochadi. Jismoniy shaxslar hisobni agent-bank bo‘linmasi orqali naqd valyuta bilan to‘ldirishi yoki o‘z bank hisobvarag‘idan pul o‘tkazishi mumkin.
Brokerlar mijozlardan o‘z kassasi yoki boshqa vositachilar orqali naqd pul qabul qila olmaydi.
Aksiyalarni sotishdan olingan daromad, dividendlar va boshqa to‘lovlar mijoz hisobvarag‘ida aks ettiriladi. Investor bu mablag‘ni:
- yangi investitsiyaga yo‘naltirishi;
- broker hisobvarag‘ida qoldirishi;
- O‘zbekistondagi valyuta hisobvarag‘i yoki bank kartasiga chiqarishi mumkin.
Broker platformasi kuniga kamida bir marta pul chiqarish imkonini berishi kerak. Mijozning topshirig‘i uch bank kunidan kechiktirmay bajariladi.
Agar xorijiy vositachi besh ish kuni ichida mahalliy broker hisobiga pul o‘tkazmasa, broker mijozga o‘z mablag‘idan to‘lov qilishi, keyin esa xorijiy hamkor bilan hisob-kitobni mustaqil hal etishi kerak.
Bu talab sanksiya sababli hisoblar bloklanganida, mijozning harakati yoki xorijiy regulyator va sud qarorlari tufayli to‘lov amalga oshmaganida qo‘llanilmaydi.
Xorijiy qimmatli qog‘ozlarni sotishdan olingan daromad, dividend va boshqa to‘lovlar O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq soliqqa tortiladi.
Yangi nizom bu daromadlar uchun alohida soliq imtiyozlarini joriy etmaydi.
Agentlik savdoni to‘xtatishi mumkin
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi quyidagi holatlarda muayyan qimmatli qog‘oz yoki moliyaviy instrument bilan operatsiyalarni vaqtincha to‘xtatishi mumkin:
- qonunchilik buzilganda;
- bozorda manipulyatsiya alomatlari aniqlanganda;
- instrumentlar soni ularni ta’minlayotgan aktivlarga mos kelmaganda;
- jiddiy texnik nosozlik yuz berganda;
- investorlar manfaatiga tahdid tug‘ilganda;
- xorijiy maydonchada tegishli qimmatli qog‘oz savdosi to‘xtatilganda.
Agentlik qarorida cheklov sababi, muddati, ruxsat etiladigan operatsiyalar va savdoni tiklash shartlari ko‘rsatiladi. Broker mijozlarni xabardor qiladi, agentlik esa qarorni e’lon qiladi.
“Tartibga solish qumdoni” muddatsiz ishlaydi
Kapital bozorida “Tartibga solish qumdoni” 2023-yildan buyon amal qiladi. Prezidentning 2025-yil 18-dekabrdagi PF-254-son farmoni bilan maxsus rejim muddatsiz uzaytirildi va xorijiy instrumentlar bilan operatsiyalar ro‘yxati kengaytirildi.
Farmon mahalliy brokerlarga xorijiy banklar, investitsiya vositachilari, kastodianlar va savdo maydonchalarida pul hamda depozitar hisobvaraqlarini ochish huquqini berdi.
2026-yil aprelida Markaziy depozitariy va Respublika fond birjasi “Toshkent”ga “Tartibga solish qumdoni”da alohida ro‘yxatdan o‘tmasdan operatsiyalarni amalga oshirishga ruxsat berildi.
2030-yilgacha fond bozoriga qo‘shimcha $1 mlrd jalb qilish rejalashtirilgan. Shundan bir qismi 5 trln so‘mlik korporativ obligatsiyalar chiqarilishi hisobiga ta’minlanishi kerak.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Shavkat Mirziyoyev dunyoning eng nufuzli musulmonlari reytingida 40-o‘rinni egalladi

Toshkentning Mirobod tumanida ikkita kiberguruh fosh etildi

Milliy gvardiya SIga ega dronlar va robotlarni sinovdan o‘tkazmoqda: yil oxirigacha ularni Toshkent bog‘lariga chiqarish rejalashtirilgan

Toshkentning Chilonzor va Uchtepa tumanlarida 14-noyabr kuni soat 15:00 dan 16:00 gacha elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lishi mumkin
