Yangiliklar/Jamiyat

WB Taxi O‘zbekistonda ustun mavqega ega raqamli platforma deb topildi

Jamiyat 12 noyabr, 10:36
WB Taxi O‘zbekistonda ustun mavqega ega raqamli platforma deb topildi

Tegishli buyruq Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan chiqarildi.

Qarorga muvofiq, WB Taxi’da ustun mavqeni suiiste’mol qilishning oldini olishga qaratilgan monopoliyaga qarshi komplayens tizimi joriy etiladi. Qo‘mita kompaniyaning bozordagi faoliyatini kuzatib boradi.

Ustun mavqe xo‘jalik yurituvchi subyektga raqobatchilardan mustaqil harakat qilish, bozor sharoitiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatish, boshqa kompaniyalarning bozorga kirishini qiyinlashtirish yoki ularning iqtisodiy faoliyatini cheklash imkonini beradigan holat hisoblanadi.

Biroq WB Taxi’ning ustun mavqega ega deb topilishi kompaniya qoidabuzarlik sodir etganini anglatmaydi. Bu maqom platforma faoliyatiga nisbatan maxsus monopoliyaga qarshi talablar qo‘llanishini bildiradi.

Komplayens tizimi nimani nazorat qiladi?

Monopoliyaga qarshi komplayens kompaniyaning ichki qarorlari va biznes jarayonlari raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiqligini tekshirishga xizmat qiladi.

Nazorat, jumladan, quyidagi yo‘nalishlarni qamrab olishi mumkin:

  • haydovchilar va yo‘lovchilar uchun tariflarning shakllanishi;
  • haydovchilardan olinadigan komissiyalar;
  • buyurtmalarni taqsimlash algoritmlari;
  • platformaga ulanish va undan foydalanish shartlari;
  • ayrim hamkorlarga asossiz imtiyoz berish;
  • raqobatchilarning bozorga kirishini cheklashi mumkin bo‘lgan talablar.

Aniq monitoring mezonlari va kompaniya zimmasidagi majburiyatlar Raqobat qo‘mitasining buyrug‘i hamda amaldagi qonunchilik asosida belgilanadi.

Raqamli platformalarning ustun mavqeyini aniqlash va e’tirof etish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-maydagi 256-son qarori bilan tartibga solinadi. Hujjatda raqamli platforma internet orqali raqamli mahsulotlardan pulli yoki bepul foydalanishni ta’minlaydigan axborot tizimi sifatida belgilangan.

Mazkur qaror bilan tovar yoki moliya bozorida xo‘jalik subyekti hamda raqamli platforma operatorining ustun mavqeyini aniqlash mezonlari va tartibi joriy etilgan.

WB Taxi oltita hududda ishlamoqda

WB Taxi O‘zbekistonda 2025-yil dekabrida ish boshlagan. Wildberries & Russ birlashgan kompaniyasiga qarashli servis dastlab Toshkentda taklifnoma va kutish ro‘yxati asosida cheklangan rejimda ishlagan.

Uch oylik sinov davridan so‘ng, 2026-yil martida xizmat Toshkentdagi barcha foydalanuvchilar uchun ochilgan. Keyinchalik servis Samarqand, Buxoro, Namangan, Andijon va Farg‘ona shaharlarida ham ishga tushirilgan.

Bozorga kirish vaqtida kompaniya yo‘lovchilarga safar haqini naqd pulsiz to‘laganda qiymatning 50 foizigacha keshbek taklif qilgan.

Ustun mavqe maqomi WB Taxi’ning faoliyatini to‘xtatmaydi va kompaniyaning narxlarni mustaqil belgilash huquqini avtomatik ravishda bekor qilmaydi. Biroq platforma o‘z bozor imkoniyatlaridan raqobatni cheklash, hamkorlarga teng bo‘lmagan shartlarni qo‘llash yoki boshqa ishtirokchilarning faoliyatiga to‘sqinlik qilish uchun foydalana olmaydi.

4780

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→