O‘zbekistonda to‘qqiz oyda 356 mingdan ortiq avtomobil ishlab chiqarildi

O‘zbekistonda 2026-yilning yanvar–sentabr oylarida 356 318 ta yengil avtomobil ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,2 foiz ko‘p, deya xabar berdi Milliy statistika qo‘mitasi.
Avgustda mahalliy korxonalar 46 658 ta avtomobil ishlab chiqardi. Bu 2025-yil avgustiga nisbatan 8 foiz ko‘p. Sentabrda ishlab chiqarish avgustga qaraganda biroz pasayib, 45 929 tani tashkil etdi, ammo yillik o‘sish 9,3 foizga yetdi.
Cobalt yetakchilikni saqlab qoldi
Chevrolet Cobalt O‘zbekistonda eng ko‘p ishlab chiqarilayotgan avtomobil bo‘lib qolmoqda. To‘qqiz oyda 120,6 mingta Cobalt konveyerdan chiqdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4 foiz ko‘p.
Avgustda qariyb 16 mingta Cobalt ishlab chiqarildi, yillik o‘sish 1 foizga yaqin bo‘ldi. Sentabrda esa ishlab chiqarish 13,5 mingtagacha qisqarib, 2025-yilning shu oyiga nisbatan 20,4 foizga kamaydi.
Cobalt jami yengil avtomobillar ishlab chiqarishining qariyb uchdan bir qismini tashkil etdi.
Damas ishlab chiqarish kamaydi, Tracker o‘tgan yilgi darajaga yaqinlashdi
Yanvar–sentabr oylarida 63,4 mingta Damas ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 6,6 foiz kam.
Avgustda Damas ishlab chiqarish 19 foizga oshib, 7501 tani tashkil etdi. Sentabrda ko‘rsatkich 8379 tagacha ko‘tarildi, biroq 2025-yil sentabriga nisbatan 16 foizdan ko‘proq kamaydi.
Chevrolet Tracker ishlab chiqarish hajmi to‘qqiz oyda 34 080 tani tashkil etdi. O‘tgan yilga nisbatan kamayish 0,3 foizgacha qisqardi.
Avgustda 4002 ta Tracker ishlab chiqarildi, bu bir yil avvalgidan 12,9 foiz ko‘p. Sentabrda esa 4299 ta krossover konveyerdan chiqdi, yillik o‘sish 1,2 foizni tashkil etdi.
Onix ishlab chiqarish 20,6 foizga oshdi
UzAuto Motors modellari orasida eng yuqori o‘sish Chevrolet Onix’da qayd etildi. To‘qqiz oyda 27,2 mingta sedan ishlab chiqarildi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 20,6 foiz ko‘p.
Avgustda Onix ishlab chiqarish ikki baravar oshib, 3053 taga yetdi. Sentabrda 3749 ta avtomobil ishlab chiqarildi, bu o‘tgan yilning shu oyidan 59 foiz ko‘p.
Mart oyida ishlab chiqarilishi boshlangan yangi avlod Damas Move va Damas Max modellari soni 2137 taga yetdi. Avgustda 598 ta, sentabrda 607 ta shunday avtomobil ishlab chiqarilgan.
BYD avgustda ishlab chiqarishni keskin oshirdi
Jizzaxdagi BYD zavodi yil boshidan 26,7 mingta avtomobil ishlab chiqardi.
Korxona avgust oyining o‘zida 6 mingdan ortiq mashina tayyorladi. Sentabrda ishlab chiqarish 2856 tagacha kamaydi, ammo bu ko‘rsatkich 2025-yil sentabriga nisbatan 3,5 baravar yuqori.
Oylik ko‘rsatkichlarning keskin farqlanishi sabablari statistik ma’lumotda izohlanmagan.
Kia sentabrda oylik rekord o‘rnatdi
To‘qqiz oyda O‘zbekistonda 24,8 mingta Kia avtomobili ishlab chiqarildi.
Avgustda ishlab chiqarish o‘tgan yilga nisbatan 18 foizga kamayib, 2249 tani tashkil etdi. Sentabrda esa korxona 5427 ta avtomobil ishlab chiqarib, oylik rekordini yangiladi. Bu 2025-yil sentabriga nisbatan 2,2 baravar ko‘p.
Chery ham kuz boshida ishlab chiqarishni oshirdi. Sentabrda 1470 ta avtomobil konveyerdan chiqdi, bu o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan 50 foiz ko‘p. Brendning to‘qqiz oylik natijasi 7221 tani tashkil etdi.
Haval’ning yillik natijasi o‘sdi, so‘nggi oylardagi ishlab chiqarish kamaydi
Yanvar–sentabrda 6,9 mingta Haval ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 11 foizdan ko‘proq o‘sish demakdir.
Shunga qaramay, avgust va sentabr ko‘rsatkichlari kamaygan. Avgustda 449 ta Haval ishlab chiqarildi, bu bir yil avvalgidan qariyb ikki baravar kam. Sentabrda esa 726 ta avtomobil tayyorlandi, yillik pasayish 23 foizni tashkil etdi.
Sentabrda Tank 500 ishlab chiqarish ham qayta tiklandi. Oy davomida yil boshidan beri ilk ikkita avtomobil chiqarildi.
Cobalt va Damas jami ishlab chiqarishning yarmidan ko‘pini egalladi
Cobalt va Damas’ning umumiy ishlab chiqarish hajmi 184 mingdan oshdi. Bu O‘zbekistonda to‘qqiz oyda chiqarilgan yengil avtomobillarning qariyb 52 foiziga teng.
Cobalt, Damas, Tracker va Onix birgalikda umumiy ishlab chiqarishning qariyb 69 foizini ta’minladi.
Shu davrda mamlakatda 43 mingdan ortiq maxsus avtomobil ham ishlab chiqarildi. Ularning soni 2025-yilning yanvar–sentabr oylariga nisbatan 10 foizga oshdi.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Shavkat Mirziyoyev dunyoning eng nufuzli musulmonlari reytingida 40-o‘rinni egalladi

Toshkentning Mirobod tumanida ikkita kiberguruh fosh etildi

Milliy gvardiya SIga ega dronlar va robotlarni sinovdan o‘tkazmoqda: yil oxirigacha ularni Toshkent bog‘lariga chiqarish rejalashtirilgan

Toshkentning Chilonzor va Uchtepa tumanlarida 14-noyabr kuni soat 15:00 dan 16:00 gacha elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lishi mumkin
