Yangiliklar/Jamiyat

Toshkentda ayol obunachi to‘plash uchun notanish qiz haqida yolg‘on hikoya tarqatdi

Jamiyat 11 noyabr, 12:12
Toshkentda ayol obunachi to‘plash uchun notanish qiz haqida yolg‘on hikoya tarqatdi

Surati tarqatilgan qiz ichki ishlar organlariga murojaat qildi. Uning aytishicha, surat ruxsatsiz e’lon qilinib, unga turmush qurgan erkak bilan munosabatda bo‘lganlik haqidagi ayblovlar va haqoratli fikrlar qo‘shilgan.

Qiz video muallifini ham, uning erini ham tanimasligini bildirgan. Tekshiruv vaqtida muallifning o‘zi ham suratdagi qiz bilan tanish emasligini tasdiqlagan.

Toshkent shahar IIBB ma’lumotiga ko‘ra, ayol sahifasiga e’tibor jalb qilish va obunachilar sonini oshirish uchun begona qizning suratidan foydalanib, uning eri bilan munosabati haqida yolg‘on hikoya to‘qigan.

Video to‘rt milliondan ortiq marta ko‘rilgan.

Mirobod tumani IIO FMB tergov bo‘limi holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 140-moddasi, ya’ni haqorat qilish bo‘yicha jinoyat ishini qo‘zg‘atdi.

Rasmiy xabarda ehtiyot chorasi va tergovning boshqa tafsilotlari keltirilmagan. Ayolning aybi sud hukmi bilan aniqlanmaguncha u aybsiz hisoblanadi.

Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani jabrlanuvchining sha’ni, qadr-qimmati, tasviri va shaxsiy ma’lumotlarini fuqarolik tartibida himoya qilish huquqini cheklamaydi.

O‘zbekiston Oliy sudi Plenumining 2025-yil noyabrdagi qarorida shaxsning tasviri, shaxsiy hayot daxlsizligi va shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish nomulkiy huquqlar qatoriga kiritilgan. Shaxs o‘zi haqidagi noto‘g‘ri ma’lumotni tuzatish, noqonuniy to‘plangan yoki uni saqlash uchun huquqiy asos qolmagan ma’lumotlarni o‘chirishni talab qilishi mumkin.

Odamni aniqlash imkonini beradigan surat shaxsga doir ma’lumot sifatida baholanishi mumkin. «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonun bunday ma’lumotlarni axborot texnologiyalari yordamida yig‘ish, ishlatish, taqdim etish va tarqatish bilan bog‘liq holatlarga ham tatbiq etiladi.

«Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi qonunda bloger internetdagi o‘z sayti yoki sahifasida ommaga ochiq axborot joylashtiradigan jismoniy shaxs sifatida ta’riflangan. Ommaviy sahifa yuritish unda tarqatilgan ma’lumot uchun javobgarlikni bekor qilmaydi.

9620

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→