Yangiliklar/Jamiyat

Qo‘qonda 13 yoshli qizga zo‘ravonlik bo‘yicha ish qayta malakalandi

Jamiyat 11 noyabr, 11:35
Qo‘qonda 13 yoshli qizga zo‘ravonlik bo‘yicha ish qayta malakalandi

Ish 9-noyabr kuni Jinoyat kodeksining 128-moddasi 3-qismi «a» bandidan 118-moddasi 4-qismiga qayta malakalangan. Bu haqda O‘zbekiston bolalar ombudsmani ma’lum qildi.

118-moddaning 4-qismi 14 yoshga to‘lmagan shaxsni zo‘rlash uchun javobgarlikni belgilaydi. Mazkur jinoyat uchun 15 yildan 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko‘zda tutilgan.

Dastlab ish 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilishga oid 128-modda bo‘yicha tergov qilingan. Uning 3-qismi «a» bandida sakkiz yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Ishning qayta malakalanishi tergov organi hodisaga bergan huquqiy bahoni o‘zgartirganini anglatadi. Gumonlanuvchining aybi va unga tayinlanadigan jazo bo‘yicha yakuniy qarorni sud chiqaradi.

Voqea Qo‘qondagi mehmonxonada sodir bo‘lgan

Tergov ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 28-sentyabr kuni Qo‘qondagi mehmonxonalardan birida sodir bo‘lgan. Jabrlanuvchi Rishton tumanida yashovchi 13 yoshli qiz.

29-sentyabr kuni Qo‘qon shahar prokuraturasi jinoyat ishini qo‘zg‘atgan. 30-sentyabrda sud gumonlanuvchini qamoqqa olish haqida qaror chiqargan.

Dastlabki tergov davom etmoqda. Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova qizning protsessual huquqlari ta’minlanishini kuzatib bormoqda.

Jabrlanuvchiga Ijtimoiy himoya milliy agentligining psixolog va yuristlari yordam bermoqda. Qizning ismi va shaxsini aniqlash imkonini beradigan boshqa ma’lumotlar oshkor qilinmagan.

7040

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→