O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tmagan yangi uylarni reklama qilish taqiqlanadi

Gap “Ko‘p kvartirali uylarni va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini ulush kiritish asosida qurish to‘g‘risida”gi qonun haqida bormoqda. Hujjat 10-noyabr kuni ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilindi.
Qonunning 73-moddasiga ko‘ra, qurilayotgan obyekt va undagi xonadonlarni faqat loyiha deklaratsiyasi Yagona axborot tizimiga joylashtirilganidan keyin reklama qilishga ruxsat beriladi. Deklaratsiya belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsa, quruvchi ham, boshqa shaxslar ham obyektni reklama qila olmaydi.
Qonun hali kuchga kirgani yo‘q. Buning uchun hujjatni Senat ma’qullashi, prezident imzolashi va u rasman e’lon qilinishi kerak.
Xaridorlarning puli eskrou hisobvarag‘ida saqlanadi
Qonun ulushli qurilishda eskrou tizimidan foydalanishni ham belgilaydi. Xaridorlarning mablag‘i to‘g‘ridan to‘g‘ri quruvchiga berilmaydi, balki vakolatli bankdagi maxsus hisobvaraqda saqlanadi. Obyekt qurib bitkazilib, foydalanishga topshirilgach, pul quruvchiga o‘tkaziladi.
Quruvchi aholi mablag‘larini jalb qilishi uchun:
- qonunda belgilangan talablarga javob berishi;
- Yagona axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tishi;
- vakolatli bank bilan bosh bitim tuzishi;
- loyiha deklaratsiyasini e’lon qilishi kerak.
Ulushli ishtirok shartnomasi hamda unga kiritiladigan o‘zgartirishlar notarial tasdiqlanib, davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. Bu bir xonadonni bir necha kishiga sotish va shartlarni norasmiy qo‘shimcha kelishuvlar orqali o‘zgartirish xavfini kamaytirishi kerak.
Agar quruvchi fuqarolarning pulini qonunda belgilangan tartibni chetlab o‘tib jalb qilsa, ulushdor mablag‘ini qaytarish va undan foydalanilgan davr uchun foiz to‘lashni talab qilishi mumkin.
Eskrou tizimi avval prezident farmonida belgilangan
Prezidentning 2025-yil 27-yanvardagi PF-11-son farmoniga ko‘ra, ulushdorlarning mablag‘larini eskrou hisobvaraqlari orqali jalb qilish 2025-yil 1-iyuldan ixtiyoriy tartibda joriy etilgan. 2026-yil 1-yanvardan esa mablag‘larni faqat eskrou orqali jalb qilish belgilangan.
Farmon bilan “Shaffof qurilish” tizimi doirasida uy-joy qurilishi bo‘yicha elektron platforma yaratish ham nazarda tutilgan. Unda quruvchi, loyiha deklaratsiyasi va obyekt haqidagi ma’lumotlar joylashtirilishi kerak.
Qonundagi talablar hujjat kuchga kirganidan keyin qurilish ruxsatnomasini olgan obyektlarga nisbatan qo‘llanadi. U kuchga kirishidan oldin ruxsat olgan loyihalarga yangi tartib tatbiq etilmaydi.
Shu sabab yangi uydan xonadon sotib olayotganda obyektning Yagona axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tganini, loyiha deklaratsiyasi e’lon qilinganini, qurilish ruxsatnomasi qachon berilganini va to‘lov eskrou hisobvarag‘iga o‘tkazilishini tekshirish muhim.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Shavkat Mirziyoyev dunyoning eng nufuzli musulmonlari reytingida 40-o‘rinni egalladi

Toshkentning Mirobod tumanida ikkita kiberguruh fosh etildi

Milliy gvardiya SIga ega dronlar va robotlarni sinovdan o‘tkazmoqda: yil oxirigacha ularni Toshkent bog‘lariga chiqarish rejalashtirilgan

Toshkentning Chilonzor va Uchtepa tumanlarida 14-noyabr kuni soat 15:00 dan 16:00 gacha elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lishi mumkin
