Irakli Elashvili Asakabank boshqaruvi raisi etib tasdiqlandi

Asakabank matbuot xizmatiga ko‘ra, Elashvili bank va moliya sohasida 20 yildan ortiq xalqaro tajribaga ega.
U 2002-yilda Tbilisi davlat universitetini tamomlagan, keyinchalik London biznes maktabida biznes boshqaruvi bo‘yicha magistrlik, ya’ni MBA darajasini olgan.
Elashvili turli yillarda Barclays Capital, TBC Capital, FINCA Bank va Alpha Capital Advisory kompaniyalarida ishlagan. Shuningdek, Hamkorbank kuzatuv kengashi a’zosi bo‘lgan.
2024-yil dekabrida u Ipoteka bank boshqaruvi raisi o‘rinbosari etib tayinlangan. Elashvili bu lavozimni 2026-yil sentyabrida tark etgan.
Yangi rahbar bankni xususiylashtirishga tayyorlaydi
Asakabank yangi rais boshchiligida transformatsiyani davom ettirish, korporativ boshqaruvni takomillashtirish va operatsion samaradorlikni oshirishni rejalashtirmoqda.
Bank raqamli xizmatlarni rivojlantirish, mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash hamda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kengaytirishni ham ustuvor yo‘nalish sifatida belgilagan.
Elashvilining vazifalaridan biri Asakabankni xususiylashtirishga tayyorlash bo‘ladi.
Prezidentning 2026-yil 20-apreldagi PQ-149-son qaroriga ko‘ra, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Asakabank o‘rtasida bankning operatsion samaradorligi va mustaqilligini oshirish bo‘yicha kelishuv imzolangan. Hujjat YTTB tomonidan Asakabank aksiyalarining 15 foizini sotib olishni ham nazarda tutadi.
Transformatsiya doirasida bank operatsiyalarini bozor tamoyillari va zamonaviy bank amaliyoti asosida olib borishi, xatarlarni boshqarish tizimini mustahkamlashi hamda asosiy faoliyatiga aloqador bo‘lmagan vazifalarni bajarishni to‘xtatishi kerak.
Hujjatda strategik investorga bank ustav kapitalidagi davlat ulushining 75 foizini sotish, yana 15 foiz aksiyani YTTBga berish ko‘zda tutilgan. Shu tariqa davlatning Asakabank kapitalidagi ishtirokini to‘liq tugatish rejalashtirilgan.
Asakabank yangi rahbarni ochiq tanlov orqali izladi
Bank 2026-yil 26-fevral kuni boshqaruv raisi lavozimi uchun ochiq tanlov e’lon qilgan edi.
Asakabankning avvalgi rahbari Qudratilla To‘laganov bankni 2023-yil fevralidan boshqargan. U 2026-yil fevralida Toshkent shahri Olmazor tumani hokimi etib tayinlangach, boshqaruv raisi lavozimi bo‘sh qolgan.
Asakabank 1995-yilda tashkil etilgan. Dastlab bank zimmasiga avtomobil sanoati va u bilan bog‘liq tarmoqlarni moliyalashtirish vazifasi yuklatilgan.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Shavkat Mirziyoyev dunyoning eng nufuzli musulmonlari reytingida 40-o‘rinni egalladi

Toshkentning Mirobod tumanida ikkita kiberguruh fosh etildi

Milliy gvardiya SIga ega dronlar va robotlarni sinovdan o‘tkazmoqda: yil oxirigacha ularni Toshkent bog‘lariga chiqarish rejalashtirilgan

Toshkentning Chilonzor va Uchtepa tumanlarida 14-noyabr kuni soat 15:00 dan 16:00 gacha elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lishi mumkin
