Yangiliklar/Texnologiya

Instagram uzoq videolar uchun blogerlarga $500 minggacha taklif qilmoqda

Texnologiya 11 noyabr, 17:04
Instagram uzoq videolar uchun blogerlarga $500 minggacha taklif qilmoqda

Takliflar katta auditoriyaga ega ayrim mualliflarga yuborilgan. Instagram ulardan 90 daqiqagacha davom etadigan videolarni yangi Features bo‘limida joylashtirishni kutmoqda.

Features hozircha AQShda cheklangan doiradagi foydalanuvchilar orasida sinovdan o‘tkazilmoqda. U intervyu, hujjatli film va qisqa Reels formatiga sig‘maydigan boshqa materiallar uchun mo‘ljallangan.

Meta vakili kompaniya ayrim mualliflar bilan Features uchun kontent yaratishni bevosita moliyalashtirayotganini tasdiqladi. Biroq u kelishuvlarning summasi va shartlarini oshkor etmadi. Shu sabab $50 mingdan $500 minggacha bo‘lgan miqdor Business Insider manbalari keltirgan ma’lumot bo‘lib, Instagram’ning rasmiy tarifi emas.

Instagram’da ko‘rishlar uchun umumiy to‘lov tizimi yo‘q

Bir martalik shartnomalar yangi bo‘limni taniqli mualliflarning kontenti bilan to‘ldirishga yordam berishi mumkin. Ammo Instagram’da uzoq videolardagi reklama daromadini barcha mualliflar bilan bo‘lishadigan umumiy tizim hozircha mavjud emas.

Instagram rahbari Adam Mosseri yangi formatning rivojlanishi uchun iqtisodiy model muhimligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoa uzoq video yaratuvchilariga daromad olish imkonini beradigan bir necha variantni ko‘rib chiqmoqda.

YouTube esa hamkorlik dasturi orqali reklama daromadining bir qismini mualliflarga beradi. VidIQ tahliliga ko‘ra, uzoq videolar mualliflari har mingta ko‘rish uchun odatda $1 dan $10 gacha daromad olishi mumkin. Instagram’da esa brend bilan alohida reklama shartnomasi bo‘lmasa, ko‘rishlar sonining o‘zi daromad keltirmaydi.

VidIQ hisobicha, auditoriyasi bir milliondan oshgan YouTube-kanallar oyiga o‘rtacha $50 ming atrofida daromad oladi. Instagram’dagi shunday ko‘lamdagi akkauntlarning o‘rtacha daromadi $5 mingdan $15 minggacha baholangan. Bu kafolatlangan to‘lov emas: daromad mavzu, auditoriya geografiyasi, faollik va reklama shartnomalariga bog‘liq.

Meta avval ham YouTube bilan raqobatlashishga uringan

Instagram 2018-yilda uzoq vertikal videolar uchun alohida IGTV xizmatini ishga tushirgan edi. Platforma YouTube’ga raqobatchi sifatida taqdim etilgan, biroq keng ommalashmagan.

2021-yilda kompaniya IGTV va asosiy lentadagi videolarni Instagram TV nomi ostida birlashtirib, 60 daqiqagacha bo‘lgan roliklarni joylashtirishga ruxsat berdi.

O‘sha davrda Meta kontent mualliflarini qo‘llab-quvvatlash dasturlariga $1 mlrd ajratishni rejalashtirgan. Shunga qaramay, uzoq videolar yetarli auditoriya to‘play olmadi va kompaniya 2022-yilda IGTV’ning alohida ilovasini yopdi.

Features avvalgi formatdan videolarning 90 daqiqagacha davom etishi bilan farq qiladi. Ammo uning YouTube bilan raqobatlasha olishi bir martalik to‘lovlardan tashqari, mualliflar uchun barqaror daromad tizimi yaratilishiga ham bog‘liq.

7710

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→