Bolgariyada 86 ta mashina to‘qnashdi, 11 kishi halok bo‘ldi

Hodisalar mamlakat janubi-sharqidagi Zimnitsa qishlog‘i yaqinida, yo‘lning ikki tomonida sodir bo‘lgan. Burgas yo‘nalishida 63 ta, Sofiya yo‘nalishida esa 23 ta transport vositasi to‘qnashgan.
O‘n kishi voqea joyida halok bo‘lgan. Yana bir kishi shifoxonada vafot etgan. Qurbonlarning barchasi Burgas tomon ketayotgan yo‘lda bo‘lgan.

Jabrlanganlar soni bo‘yicha rasmiy ma’lumotlar farq qiladi. Bolgariya Sog‘liqni saqlash vazirligi 51 kishi shifoxonaga yotqizilgani, ulardan 13 nafarining ahvoli og‘irligini ma’lum qilgan. Ichki ishlar vazirligi avvalroq 48 kishi jarohatlangani haqida xabar bergan.
Dastlabki avariya yuk mashinasi yo‘lovchi avtobusining yo‘lini to‘sib qo‘yganidan keyin boshlangan. So‘ng orqada kelayotgan boshqa mashinalar, jumladan bug‘doy ortilgan yuk mashinasi va yengil avtomobil to‘qnashgan.
Politsiya hodisaning dastlabki sababi sifatida quyuq tumanni ko‘rsatmoqda. Guvohlarning aytishicha, yo‘ldagi ko‘rish masofasi avval 70–80 metr bo‘lgan, keyin esa taxminan 10 metrgacha qisqargan. Asfalt ham nam bo‘lgan.

Sofiya yo‘nalishidagi to‘qnashuvga ham tuman sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Tergovchilar haydovchilarning e’tiborini yo‘lning narigi tomonidagi birinchi avariya chalg‘itganmi, degan holatni ham tekshiradi.
Hodisa haqidagi xabar favqulodda xizmatlarga soat 7:10 da kelib tushgan. Voqea joyiga politsiya, o‘t o‘chiruvchilar va tez yordam brigadalari yuborilgan. Tuman sababli tibbiy vertolyot qo‘na olmagan, shifokorlar hodisa joyiga politsiya mashinalarida olib borilgan.
Prokuratura yo‘lning har ikki tomonidagi hodisa bo‘yicha alohida tergov boshladi. Ishlar Bolgariya Milliy tergov xizmatiga topshiriladi.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Shavkat Mirziyoyev dunyoning eng nufuzli musulmonlari reytingida 40-o‘rinni egalladi

Toshkentning Mirobod tumanida ikkita kiberguruh fosh etildi

Milliy gvardiya SIga ega dronlar va robotlarni sinovdan o‘tkazmoqda: yil oxirigacha ularni Toshkent bog‘lariga chiqarish rejalashtirilgan

Toshkentning Chilonzor va Uchtepa tumanlarida 14-noyabr kuni soat 15:00 dan 16:00 gacha elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lishi mumkin
