Yangiliklar/Jamiyat

Imarat Development rahbariyatiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Jamiyat 1 noyabr, 11:46
Imarat Development rahbariyatiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi Sergeli tumanidagi Buyuk avlod ko‘chasida joylashgan Imarat Development MChJ rahbariyatiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.

IIBB matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bir guruh fuqarolar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilib, kompaniya faoliyatidan norozilik bildirgan va uning rahbariyatiga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Tekshiruv davomida aniqlanishicha, xaridorlarga Toshkent shahrida qurilishi va’da qilingan yangi uylar aslida Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida barpo etilmoqda. Bu holat ma’lum bo‘lgach, xaridorlar norozilik bildirib, kvartiralar uchun to‘lagan pullarini qaytarishni talab qilgan. Biroq mablag‘lar ularga qaytarilmagan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining ikki moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan:

  • 168-modda — firibgarlik;
  • 192¹¹-modda — nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish.

Tergov harakatlari Toshkent shahar IIBB boshlig‘i hamda prokuratura nazoratiga olingan. Tergov natijalariga ko‘ra, qonuniy qaror qabul qilinadi.

4760

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→