Yangiliklar/Siyosat

Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga tashrifini Sulton Tex Group fabrikasidan boshladi

Siyosat 21 oktyabr, 11:48
Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga tashrifini Sulton Tex Group fabrikasidan boshladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifini «Qashqadaryo» erkin iqtisodiy zonasida joylashgan Sulton Tex Group to‘qimachilik klasteri fabrikasidan boshladi.

54 mln dollarlik loyihada mato ishlab chiqarish va bo‘yash liniyalari ishga tushirilgan. Korxona yiliga 20 ming tonna matoni ishlab chiqarish va bo‘yash imkoniyatiga ega. Fabrikada 840 kishi ish bilan ta’minlandi.

Korxonada 3 mln dollarlik yopiq suv aylanishi tizimi o‘rnatilgan. Tizim ishlab chiqarishda ishlatilgan suvning 95 foizdan ortig‘ini tozalab, qayta foydalanishga imkon beradi. Buning hisobiga yiliga 1,1 mln kub metr suv tejalishi kutilmoqda.

Fabrikani uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun gaz generatori o‘rnatilgan. Bino tomi va devorlariga umumiy quvvati 3,5 megavatt bo‘lgan quyosh panellari joylashtirilgan.

Ushbu yechimlar elektr energiyasi, issiq suv va bug‘ xarajatlarini kamaytirib, mahsulot tannarxini pasaytirishi kerak.

Sulton Tex Group «Qashqadaryo» erkin iqtisodiy zonasida yana 70 mln dollarlik loyihani amalga oshirishni rejalashtirgan. Loyiha doirasida 3 570 ta ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.

Klaster viloyatning boshqa tumanlarida umumiy qiymati 17 mln dollar bo‘lgan loyihalarni ham amalga oshirmoqchi. Ular orqali yana 1 220 kishi ish bilan ta’minlanishi rejalashtirilgan.

Shunday qilib, kelgusi loyihalar hisobiga jami 4 790 ta yangi ish o‘rni ochilishi mumkin.

Prezident fabrika ishlab chiqarish jarayoni va mahsulotlar ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirdi. U korxonadagi suv va energiya tejovchi texnologiyalarni boshqa to‘qimachilik fabrikalarida ham qo‘llash kerakligini aytdi.

3,7370

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→