Yangiliklar/Jamiyat

Toshkentda uylar, maktablar va bog‘chalar orasida mikroo‘rmonlar yaratiladi

Jamiyat 20 oktyabr, 18:23
Toshkentda uylar, maktablar va bog‘chalar orasida mikroo‘rmonlar yaratiladi

Toshkentning bo‘sh yer maydoni kam bo‘lgan mahallalarida mikroo‘rmonlar yaratiladi. Bu haqdagi qarorni 19-oktabr kuni poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov imzoladi.

Yashil hududlar ko‘p qavatli uylar oralig‘ida, maktablar va bolalar bog‘chalari hovlisida tashkil etiladi. Har bir mikroo‘rmon uchun 200 dan 1 000 kvadrat metrgacha yer ajratiladi. Bir kvadrat metrga turli balandlikdagi kamida ikkita daraxt va buta ko‘chati ekiladi. Asfalt yoki beton bilan qoplangan hududlarda o‘simliklar katta konteynerlarga joylashtiriladi. Bunday maydonlar kichik jamoat bog‘lari sifatida xizmat qiladi.

Konteynerlarni tuman hokimliklari va homiylar o‘rnatadi, O‘rmon xo‘jaligi agentligi esa ko‘chatlar yetkazib beradi. Mahallalar aholini ekish va parvarishlash ishlariga jalb qiladi. Har bir bog‘ uchun sug‘orish, o‘simliklarning holati va konteynerlarning saqlanishiga mas’ullar belgilanadi.

Bog‘lar va mikroo‘rmonlar uchun ajratilgan yerlarni xususiy mulk sifatida berish, ularda bino yoki boshqa inshoot qurish mumkin bo‘lmaydi. Aholining ushbu hududlarga kirishini cheklash ham taqiqlanadi.

Fuqarolar va tashkilotlar tashabbusi bilan yaratilgan bog‘lar ro‘yxatga olinadi.

2027-yil 1-yanvardan «Yashil lot» tizimi ishga tushiriladi. Fuqarolar va kompaniyalar yashil bog‘lar yaratish uchun yer uchastkalarini shartnoma asosida olishi mumkin. Mos hududlarni tuman hokimliklari kadastr va ekologiya organlari bilan birga aniqlaydi.

Toshkent tumanlari 2026-yil 1-noyabrgacha o‘z «yashil dasturi»ni ishlab chiqishi kerak. 2027-yildan bunday rejalar har yili 1-martgacha qabul qilinadi.

Dasturlarga quyidagilar kiritiladi:

  • bog‘lar va mikroo‘rmonlar;
  • soyali piyodalar ko‘chalari;
  • sun’iy suv havzalari;
  • yomg‘ir, erigan qor va tozalangan oqova suvdan foydalanadigan sug‘orish tizimlari;
  • chiqindi yig‘ish punktlari.

Har bir loyiha uchun xarajat, moliyalashtirish manbasi, amalga oshirish muddati va mas’ullar belgilanadi. Dasturlar xalq deputatlari tuman kengashlari tomonidan tasdiqlanadi.

Yangihayot tumanida ishlar uch oy ichida boshlanishi kerak. Ular Umummilliy ekologik muammolarni hal etish bo‘yicha davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi.

Toshkentda daraxt va butalarni kuzgi ekish mavsumi 2026-yil 10-noyabrda boshlanadi. Ungacha shahar xizmatlari yer maydonlarini va tuproqni tayyorlab, sug‘orish tizimlarini tekshiradi.

Ariqlar, kanallar, ko‘chalar, ko‘p qavatli uylar hovlisi va jamoat joylari chiqindilardan tozalanadi. Suv chiqarish tizimlari mavsumiy yog‘ingarchilikka tayyorlanadi. Yirik yashil hududlarda o‘simlik chiqindilarini kompostlash va mulchalash yo‘lga qo‘yiladi. Har bir tumanga kamida bittadan shox maydalagich beriladi.

2028-yil yanvarigacha «Yashil makon» platformasida «Daraxtlar balansi» moduli ishga tushiriladi. Unda daraxtlarning joylashuvi, turi, yoshi va holati, sug‘orish manbasi hamda parvarish uchun mas’ullar haqidagi ma’lumotlar saqlanadi.

13,5880

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→