Yangiliklar/Texnologiya

Beeline Perfectum’ni 207 mln dollarga sotib oldi

Texnologiya 19 oktyabr, 17:00
Beeline Perfectum’ni 207 mln dollarga sotib oldi

Beeline Uzbekistan egasi VEON kompaniyasi Perfectum brendi ostida ishlaydigan Rubicon Wireless mobil operatorining 100 foiz aksiyalarini sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Bitimning umumiy qiymati qariyb 207 mln dollarni tashkil etadi. Bu summaga Perfectum’ning qariyb 93 mln dollarlik qarzi ham kiradi. Qarzni hisobga olmaganda, aksiyalar qiymati taxminan 114 mln dollarga teng.

VEON bitimning pul qismini o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtiradi. Kompaniya xarid uchun zarur tartibga soluvchi organlar ruxsatini olgan. Bitimni 2026-yil oktabr oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan.

Perfectum aktivlariga 850 va 3800 MGts diapazonlaridagi jami 115 MGts chastota spektri, tarmoq uskunalari hamda telekommunikatsiya infratuzilmasi kiradi.

Operator Nokia uskunalarida qurilgan mustaqil 5G Standalone tarmog‘iga ham ega. 5G Standalone oldingi avlod mobil tarmog‘i yadrosiga bog‘liq bo‘lmagan holda ishlaydi.

Xarid natijasida Beeline Uzbekistan’ning mamlakatdagi chastota resurslari qariyb 50 foizga ko‘payishi kutilmoqda. Qo‘shimcha chastotalar tarmoq qamrovi va sig‘imini oshirish, 4G/LTE’ni rivojlantirish, 5G xizmatlarini joriy etish hamda uylar va biznes uchun simsiz keng polosali internetni kengaytirishga yo‘naltiriladi.

850 MGts diapazoni katta hududni qamrab olish va binolar ichida signalni yaxshiroq tarqatish uchun qo‘llanadi. 3800 MGts diapazoni esa yuqori tezlik va katta tarmoq sig‘imini ta’minlaydi, biroq ko‘proq baza stansiyalarini talab qiladi.

VEON Perfectum infratuzilmasini Beeline’ning mavjud tarmog‘iga qo‘shish orqali kelgusi sarmoyalar samaradorligini oshirish, kapital va operatsion xarajatlarni kamaytirishni kutmoqda.

Beeline Uzbekistan bosh direktori Yevgeniy Nastradinning aytishicha, Perfectum chastotalari aloqa qamrovi va tarmoq o‘tkazuvchanligini yaxshilashga, 5G hamda simsiz internet xizmatlarini rivojlantirishga yordam beradi.

Perfectum brendi saqlanib qolishi, uning abonentlari Beeline tarmog‘iga o‘tkazilishi yoki tariflar o‘zgarishi haqida ma’lumot berilmadi. 5G xizmatlarining tijoriy ishga tushish sanasi ham ochiqlanmagan.

8070

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→