Yangiliklar/Jamiyat

Kitobxonlik tanlovi g‘oliblarining harbiy xizmat muddati qisqartirilishi mumkin

Jamiyat 13 oktyabr, 16:15
Kitobxonlik tanlovi g‘oliblarining harbiy xizmat muddati qisqartirilishi mumkin

O‘zbekistonda Ma’naviyat qalqoni respublika kitobxonlik tanlovida sovrinli o‘rinlarni egallagan muddatli harbiy xizmatchilarning xizmat muddatini bir oyga qisqartirish taklif qilindi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.

«Ma’naviyat qalqoni» tanlovi 2026-yildan boshlab har yili to‘rt bosqichda o‘tkaziladi. Unda muddatli va kontrakt asosida xizmat qilayotgan harbiylar, oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari hamda harbiy-akademik litseylar o‘quvchilari qatnashadi. Respublika bosqichida birinchi, ikkinchi yoki uchinchi o‘rinni olgan muddatli harbiy xizmatchilarning xizmat muddatini bir oyga qisqartirish ko‘zda tutilgan.

Tanlovda birinchi o‘rinni egallaganlarning har biriga elektromobil va diplom beriladi. Ikkinchi o‘rin sohiblari 100 BHM, uchinchi o‘rin egalari esa 70 BHM miqdorida pul mukofoti oladi.

Qonun loyihasida harbiy uchuvchilar bilan yangi kontrakt tuzish masalasi ham tartibga solinmoqda. Bu tartib O‘zbekiston va xorijdagi harbiy oliygohlarning uchuvchilar tayyorlash yo‘nalishini tamomlagan bitiruvchilarga tatbiq etiladi.

Mualliflar ushbu o‘zgarish malakali uchuvchilarni tizimda saqlab qolish, ularning tajribasidan harbiy aviatsiyani rivojlantirishda foydalanish imkonini berishini kutmoqda.

Hujjat hozircha faqat birinchi o‘qishda qabul qilingan va kuchga kirmagan.

3,6900

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→