Yangiliklar/Siyosat

O‘zbekiston konsulligi Thai E-Visa tizimidagi xatolar haqida ogohlantirdi

Siyosat 9 oktyabr, 13:16
O‘zbekiston konsulligi Thai E-Visa tizimidagi xatolar haqida ogohlantirdi

Thai E-Visa tizimi arizani ko‘rib chiqilgan deb ko‘rsatishi mumkin, ammo viza tasdiqlangani haqidagi xat elektron pochtaga kelmasligi mumkin. O‘zbekistonning Bangkokdagi Bosh konsulxonasi fuqarolarni faqat saytdagi statusga tayanmaslikka chaqirdi.

2026-yil 15-sentabrdan O‘zbekiston fuqarolari Tailandga, jumladan, turistik maqsadda borishdan oldin viza rasmiylashtirishi kerak. Ariza Thai E-Visa hukumat portali orqali topshiriladi.

Ariza beruvchi:

  • tizimda hisob yaratishi;
  • elektron so‘rovnomani to‘ldirishi;
  • kerakli hujjatlarni yuklashi;
  • viza yig‘imini to‘lashi;
  • elektron pochta orqali tasdiq kelishini kutishi kerak.

Konsulxona ma’lumotiga ko‘ra, viza yig‘imi 40 dollarni tashkil etadi. To‘lov Tailandning Moskvadagi elchixonasi orqali naqd shaklda amalga oshiriladi. Pulni uchinchi shaxs, jumladan, turagent orqali ham to‘lash mumkin.

Arizani ko‘rib chiqish jarayoni faqat to‘lovdan keyin boshlanadi. Tailand Tashqi ishlar vazirligi rasmiy muddat 10 kundan oshmasligini bildirgan. Biroq amalda tasdiq to‘lovdan keyin o‘rtacha 15 kunda kelmoqda.

Viza ma’qullanganini tasdiqlovchi hujjat elektron pochta orqali yuboriladi. Uni chop etib, safar vaqtida aviakompaniya va Tailand migratsiya xizmati xodimlariga ko‘rsatish kerak. Ariza topshirilgani viza berilishini kafolatlamaydi, to‘langan yig‘im esa qaytarilmaydi.

Turistik viza uchun xorijga chiqish pasporti, aviachipta, mehmonxona band qilinganini tasdiqlovchi hujjat va bank hisobvarag‘idan ko‘chirma talab etiladi. Hisobda bir kishi uchun kamida 20 ming bat, oila uchun esa 40 ming bat bo‘lishi kerak.

Tailand 2026-yil 15-sentabrdan O‘zbekiston fuqarolari uchun amal qilgan vizasiz tartibni bekor qilgan. O‘zbekiston 30 kunlik vizasiz kirish huquqi berilgan davlatlarning yangi ro‘yxatiga kiritilmagan.

4710

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→