Shavkat Mirziyoyev FAOning oliy mukofoti bilan taqdirlandi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-oktabr kuni BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, ya’ni FAO bosh direktori Syuy Dunyuyni qabul qildi. FAO rahbari Butunjahon paxta kuniga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya hamda dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlarning agrar va oziq-ovqat tizimlariga bag‘ishlangan ikkinchi forumda qatnashish uchun O‘zbekistonga kelgan.

Uchrashuvda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha strategik hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar yangi besh yillik hamkorlik dasturi qabul qilinganini qayd etdi. Ayni paytda 27 ta qo‘shma loyiha faol bosqichda amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston ilk bor 2028–2029-yillar uchun FAO Kengashi tarkibiga saylandi. Shuningdek, 7-oktabr kuni Toshkentda dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakatlar uchun Agroinnovatsiyalar xabi ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Uchrashuvda qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, sohaga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish va iqlim moliyasi mablag‘larini jalb qilish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, tajriba almashish va mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha yangi loyihalarni ishlab chiqishga kelishildi.

Muloqot yakunida Syuy Dunyuy Shavkat Mirziyoyevga FAOning oliy mukofoti hisoblangan “Agricola” medalini topshirdi. Mukofot prezidentning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq va suv xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslari va natijalari uchun berildi.

“Agricola” medali FAO tomonidan 1977-yilda ta’sis etilgan. U ochlikka barham berish va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash yo‘lida amaliy ishlarni amalga oshirgan davlat va jamoat arboblariga topshiriladi.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Özbekiston Dakar Olimpiadasida kumuş va bronza medallarni qölga kiritdi

Özbekistan banklari kapitali 152,9 trillion sömdan oşdi

Apple servislaridan rekord darajadagi 31,6 milliard dollar daromad oldi

Taşkentda yana bir oila meros mojarosi sabab sotib olgan kvartirasidan ayrilişi mumkin
