Centrum Air blogerning Samara-Toshkent reysidan olib tashlanganini tushuntirdi

Centrum Air aviakompaniyasi 5-oktabr kuni Samara – Toshkent yo‘nalishidagi C6468 reysida bloger komil_vlogs bilan yuz bergan mojaro yuzasidan izoh berdi.
Blogerning aytishicha, u bort kuzatuvchisidan o‘zi bilan o‘zbek tilida gaplashishni so‘raganidan keyin parvozga qo‘yilmagan. Centrum Air bu da’voni rad etdi. Aviakompaniya barcha bort kuzatuvchilari o‘zbek, rus va ingliz tillarini bilishi hamda yo‘lovchilar bilan ular uchun qulay tilda gaplashishini ma’lum qildi.
Kompaniya talqiniga ko‘ra, yo‘lovchi bort kuzatuvchisiga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lgan, uni haqorat qilgan va yo‘lovchilar samolyotga chiqayotgan paytda ishiga xalaqit bergan. Bunday xatti-harakat bortdagi tartib va xavfsizlikka tahdid tug‘dirishi mumkinligi sababli samolyot komandiri uni reysga qo‘ymaslikka qaror qilgan.
Aviakompaniya voqea tafsilotlari hujjatlashtirilganini bildirdi. Centrum Air yo‘lovchining harakatlari yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda.
Keyinroq bloger Moskvaga chipta sotib olganini, u yerdan Toshkent yoki Samarqandga uchishini ma’lum qildi. U Rossiyadagi O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qilishini va vatanga qaytgach voqea bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilishiga erishmoqchi ekanini aytdi.
Bloger keyingi chiqishida aviakompaniyaning ayrim xodimlariga nisbatan haqoratli iboralar ishlatdi. Uning ayrim kuzatuvchilari ham bort kuzatuvchisi haqida haqoratli izohlar qoldirdi. Hozircha tomonlar mojaro sababini turlicha tushuntirmoqda. Voqeaning barcha tafsilotlarini tasdiqlovchi mustaqil ma’lumot e’lon qilinmagan.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Özbekiston Dakar Olimpiadasida kumuş va bronza medallarni qölga kiritdi

Özbekistan banklari kapitali 152,9 trillion sömdan oşdi

Apple servislaridan rekord darajadagi 31,6 milliard dollar daromad oldi

Taşkentda yana bir oila meros mojarosi sabab sotib olgan kvartirasidan ayrilişi mumkin
