Riyadh Air birinchi Boeing 787-9 samolyotini qorongʻi rangda namoyish etdi

Dunyo 5 oktyabr, 17:01
Riyadh Air birinchi Boeing 787-9 samolyotini qorongʻi rangda namoyish etdi

Saudiya Arabistonining Riyadh Air aviakompaniyasi o‘zining korporativ to‘q rangli livreyasiga bo‘yalgan ilk seriyali Boeing 787-9 Dreamliner samolyotini namoyish etdi. Layner Boeing kompaniyasining Janubiy Karolina shtati, Charlston shahridagi bo‘yash sexidan chiqarildi va aviakompaniyaga topshirishga tayyorlanmoqda.

Samolyotning asosiy rangi to‘q indigo bo‘lib, u lavanda rangidagi elementlar bilan to‘ldirilgan. Riyadh Air ma’lumotiga ko‘ra, dizayn Saudiya Arabistoni cho‘lining bahorgi ranglari va arab xattotligining ravon chiziqlaridan ilhomlangan.

Yangi ranglar aviakompaniyaning barcha samolyotlarida qo‘llanmaydi. Riyadh Air to‘q rangli livreyadan o‘z flotining qariyb 10 foizida foydalanishni rejalashtirmoqda. Laynerlarning aksariyati esa och marvarid-oq rangga bo‘yaladi.

Riyadh Air to‘q rangli livreyani ilk bor 2023-yil iyun oyida, Parij aviashousidagi ishtirokidan sal oldin taqdim etgan edi. O‘shanda indigo va lavanda ranglariga bo‘yalgan namoyish uchun mo‘ljallangan Boeing 787-9 Ar-Riyod uzra parvoz qilgan.

2023-yil noyabr oyida Dubai Airshow ko‘rgazmasida aviakompaniya ikkinchi doimiy dizayn variantini namoyish etdi. Unda fyuzelyaj och marvarid rangiga bo‘yalgan bo‘lib, indigo va lavanda rangidagi ayrim elementlar bilan bezatilgan. Demak, kompaniya avvalgi dizayndan voz kechmaydi, balki ikkala rang variantidan bir vaqtda foydalanadi. To‘q rangli samolyotlar kamroq uchraydi va aviakompaniya ko‘rinishining yanada ajralib turadigan qismiga aylanadi.

Aviakompaniyaning logotipi, ranglar palitrasi va har ikki livreyani o‘z ichiga olgan korporativ uslubini Britaniyaning PriestmanGoode studiyasi ishlab chiqqan. Och rangli versiya uchun yorug‘likka qarab tusini o‘zgartiradigan maxsus qoplama yaratilgan.

Riyadh Air 2023-yil mart oyida Boeing bilan samolyotlar xarid qilish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Dastlabki shartnoma 39 ta Boeing 787-9 yetkazib berish va yana 33 ta samolyot sotib olish opsiyasini nazarda tutgan.

Aviakompaniya dastlabki ikkita seriyali Dreamliner samolyotini 2026-yil 5-iyunda qabul qilib oldi. 20-iyulga kelib, uning flotida ushbu rusumdagi oltita samolyot bor edi. Shu bilan birga, kompaniya sig‘imi kattaroq Boeing 787-10 samolyotlarini ham olishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.

6170

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→