Yangiliklar/Iqtisod

UzPost kuzatuv kengashiga Wildberries vakillari kiritildi

Iqtisod 2 oktyabr, 14:47
UzPost kuzatuv kengashiga Wildberries vakillari kiritildi

“O‘zbekiston pochtasi” (UzPost) aksiyadorlari kompaniya kuzatuv kengashining yangi tarkibini uch yil muddatga sayladi.

Yangi tarkibga to‘qqiz nafar a’zo kiritildi. Ularning besh nafari Wildberries & Russ tarkibiga kiruvchi kompaniyalar vakillari hisoblanadi.

Jumladan, kuzatuv kengashidan:

  • WB INT EXPORT bosh direktori Akmal Primqulov;
  • “RVB” investitsiyalar va nazorat departamenti direktori Yevgeniy Mitin;
  • “RVB” yuridik departamenti direktorining o‘rinbosari Emil Xasyanov;
  • “RVB” moliya direktori Pavel Logunov;
  • “VB Bank”ning mintaqaviy rivojlanishni boshqarish departamenti direktori Aleksandra Xmelyova

o‘rin oldi.

Shuningdek, kengash tarkibiga raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos, Hisob palatasi mutaxassisi Shahzod Usarov, Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakili Muzaffar Astanakulov hamda mustaqil a’zo Rodjer Kruk ham kiritildi.

Aksiyadorlarning navbatdan tashqari yig‘ilishida avvalgi kuzatuv kengashi vakolatlari muddatidan oldin tugatildi.

Yig‘ilishda UzPost’ga WB INT EXPORT tomonidan 100 milliard so‘m miqdorida qarz ajratish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Biroq mazkur masala bo‘yicha ovoz berishda barcha ishtirokchilar betaraf qolgani sababli qaror qabul qilinmadi.

Wildberries matbuot xizmati Spot nashriga bergan izohida kompaniya vakillarining kuzatuv kengashiga kirishi UzPost’ni modernizatsiya qilish, xizmatlar sifati va tezkorligini oshirish maqsadi bilan bog‘liqligini ma’lum qilgan.

So‘nggi haftalarda UzPost atrofida xususiylashtirish ehtimoli va Wildberries’ning kompaniyadagi ishtiroki haqida xabarlar tarqalgan edi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi esa hozircha kompaniyani sotish yuzasidan qaror qabul qilinmaganini bildirgan.

5180

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→