O‘zbekiston jahon shaxmat olimpiadasida ikkinchi bor chempion bo‘ldi

Sport 27 sentyabr, 18:14
O‘zbekiston jahon shaxmat olimpiadasida ikkinchi bor chempion bo‘ldi

O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Samarqandda o‘tgan 46-Jahon shaxmat olimpiadasi g‘olibi bo‘ldi.

Terma jamoa musobaqaning so‘nggi turigacha yetib bormasdan chempionlikni deyarli ta’minlab qo‘ydi. Yakuniy tur oldidan o‘zbekistonlik shaxmatchilar 18 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan edi. Eng yaqin ta’qibchi bo‘lgan Hindiston terma jamoasi Vengriya bilan 2:2 hisobida durang o‘ynagach, O‘zbekiston raqiblari uchun yetib bo‘lmas natijaga erishdi.

11-turda O‘zbekiston shaxmatchilari Ukraina terma jamoasini 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etdi. Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov va Nodirbek Yakubboyev o‘z bahslarini durang bilan yakunladi. G‘alaba ochkosini esa Muhiddin Madaminov Roman Degtyarovni mag‘lub etib jamoaga taqdim etdi.

Turnir davomida O‘zbekiston ketma-ket yettita uchrashuvda g‘alaba qozondi. Xususan, jamoa Hindistonni 2,5:1,5, Xitoyni esa 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Sakkizinchi turda Germaniya termasi o‘zbekistonliklarning g‘alabali seriyasiga barham berdi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston AQSH ustidan g‘alaba qozonib yana birinchi o‘ringa ko‘tarildi. So‘nggi tur oldidan esa Armaniston 3,5:0,5 hisobida mag‘lub etildi.

Olimpiadada O‘zbekiston sharafini:

  • Javohir Sindarov;
  • Nodirbek Abdusattorov;
  • Nodirbek Yakubboyev;
  • Shamsiddin Vohidov;
  • Muhiddin Madaminov himoya qildi.

Jamoa sardori FIDE sobiq jahon chempioni Rustam Qosimjonov bo‘ldi.

Mazkur tarkibdagi to‘rt nafar shaxmatchi 2022-yilda Chennay shahrida o‘tgan Olimpiadada ham oltin medal qo‘lga kiritgan edi.

Shu tariqa O‘zbekiston terma jamoasi ketma-ket uchinchi Olimpiadada medallarni qo‘lga kiritdi: 2022-yilda oltin, 2024-yilda bronza, 2026-yilda yana oltin.

Bu O‘zbekiston tarixidagi ikkinchi jahon shaxmat olimpiadasi chempionligi va ilk bor o‘z uyida qo‘lga kiritilgan g‘alaba bo‘ldi.

1,5160

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→