BMTda Netanyaxu nutqi vaqtida bir qator davlatlar delegatsiyalari zalni tark etdi

Dunyo 25 sentyabr, 14:41
BMTda Netanyaxu nutqi vaqtida bir qator davlatlar delegatsiyalari zalni tark etdi

BMT Bosh Assambleyasining navbatdagi sessiyasida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu minbarga chiqqan paytda o‘nga yaqin davlat delegatsiyasi zalni tark etdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Netanyaxuning chiqishi zalda turlicha munosabat uyg‘otdi. Ayrim delegatlar uni olqishlar bilan kutib olgan bo‘lsa, boshqalar norozilik bildirib zalni tark etgan.

Isroil bosh vaziri chiqishi davomida ketgan delegatsiyalarni «axloqiy qo‘rqoqlar» deb atadi hamda G‘azo sektoridagi harakatlar yuzasidan Isroilga nisbatan ilgari surilayotgan genotsid haqidagi ayblovlarni rad etdi.

Netanyaxu, shuningdek, AQSHning Eronga qarshi harbiy harakatlarda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatladi va Isroilning G‘azo, Eron hamda Yaqin Sharqning boshqa hududlaridagi operatsiyalarini himoya qildi.

U o‘z nutqida Isroil harbiy amaliyotlari davom etishini bildirib, mamlakat «boshqa tanlovga ega emasligi»ni ta’kidladi. Isroil bosh vaziri Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni ham tanqid qildi hamda AQSH Prezidenti Donald Trampga minnatdorlik bildirdi.

Shu kuni Falastin milliy ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos ham BMTda videomurojaat orqali nutq so‘zladi. U AQSH ketma-ket ikkinchi yil unga Bosh Assambleyada shaxsan ishtirok etish uchun viza bermaganini ma’lum qildi.

Abbos o‘z chiqishida Isroilning bosib olingan G‘arbiy Sohildagi yahudiy posyolkalarini kengaytirish siyosatini tanqid qildi hamda bu holat Falastin xalqining o‘z yerlaridagi istiqboliga tahdid solayotganini aytdi.

Falastin rahbari Isroil harbiylarining G‘azo sektoridagi harakatlarini ham qoralab, xalqaro hamjamiyatni vaziyat yuzasidan faolroq chora ko‘rishga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yil noyabr oyida Xalqaro jinoiy sud Binyamin Netanyaxu va Isroilning sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni harbiy jinoyatlar hamda insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etganlikda gumon qilib hibsga olish orderlarini chiqargan edi. Isroil esa mazkur sud yurisdiksiyasini tan olmaydi.

5930

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→