Yangiliklar/Jamiyat

Toshkentda velosiped va elektrosamokatlar uchun ilk maxsus yo‘lak tashkil etildi

Jamiyat 22 sentyabr, 13:15
Toshkentda velosiped va elektrosamokatlar uchun ilk maxsus yo‘lak tashkil etildi

Toshkent shahrining Chilonzor tumanida velosiped, elektrosamokat va skuterlar uchun mo‘ljallangan ilk maxsus harakatlanish yo‘lagi tashkil etildi. Bu haqda Toshkent shahar Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lum qildi.

Pilot loyiha Lutfiy ko‘chasining Oqtepa maydonidan boshlanuvchi 2,4 kilometrlik qismida amalga oshirildi. Mutaxassislar fikricha, mikroharakatlanish vositalari uchun alohida hudud yaratish transport va piyodalar oqimining kesishishini kamaytiradi.

Mikroharakatlanish vositalari soni ortmoqda

So‘nggi yillarda velosipedlar, elektrosamokatlar va skuterlardan foydalanish sezilarli darajada ko‘paydi. Ular nafaqat shaxsiy transport vositasi, balki kuryerlik va yetkazib berish xizmatlarida ham keng qo‘llanilmoqda.

Biroq maxsus infratuzilmaning yetishmasligi sabab foydalanuvchilar ko‘pincha avtomobillar bilan bir qatorda qatnov qismida yoki piyodalar bilan birga trotuarlarda harakatlanishga majbur bo‘lmoqda.

YHTMga ko‘ra, bir hududda turli tezlikda harakatlanuvchi transport vositalarining mavjudligi piyodalar, haydovchilar va mikroharakatlanish vositalari foydalanuvchilari uchun noqulayliklar keltirib chiqaradi.

Alohida yo‘laklarning afzalligi nimada?

Markazning ta’kidlashicha, yangi loyiha:

  • transport oqimlarini bir-biridan ajratadi;
  • piyodalar xavfsizligini oshiradi;
  • velosiped va samokat foydalanuvchilari uchun qulay sharoit yaratadi;
  • harakatni yanada tartibli tashkil etishga xizmat qiladi.

Mutaxassislar pilot loyihaning dastlabki natijalarini ijobiy baholamoqda.

Boshqa ko‘chalarda ham joriy etiladi

Yo‘l harakatini tashkil etish markazi poytaxtning boshqa ko‘chalarida ham shunday yo‘laklarni tashkil etish imkoniyatlarini o‘rganmoqda.

Kelgusidagi loyihalarda mikroharakatlanish yo‘laklarini avtomobillar qatnov qismidan delineatorlar, ajratuvchi to‘siqlar va boshqa himoya elementlari yordamida jismonan ajratish rejalashtirilgan.

Markaz ma’lumotiga ko‘ra, asosiy maqsad avtomobillar, piyodalar va mikroharakatlanish vositalari uchun alohida va xavfsiz harakatlanish tizimini yaratishdan iborat.

3570

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→