Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi

22-sentabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlat rahbari Turkmaniston Prezidentini tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat va davlat boshqaruvidagi faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedovga o‘zining samimiy tilaklarini yo‘lladi. Serdar Berdimuhamedov esa Turkman xalqining milliy yetakchisi nomidan O‘zbekiston Prezidentiga ezgu tilaklarni yetkazdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlik izchil kengayib borayotganini qayd etdi. Xususan, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi o‘sayotgani, energetika, transport va boshqa yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Muloqot davomida “Shovot – Toshhovuz” qo‘shma savdo zonasining samarali faoliyatini ta’minlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi hamda Turkmanistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan MDH sammitiga tayyorgarlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Suhbat yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti va qardosh turkman xalqini yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik kuni bayrami bilan tabrikladi.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Özbekiston Dakar Olimpiadasida kumuş va bronza medallarni qölga kiritdi

Özbekistan banklari kapitali 152,9 trillion sömdan oşdi

Apple servislaridan rekord darajadagi 31,6 milliard dollar daromad oldi

Taşkentda yana bir oila meros mojarosi sabab sotib olgan kvartirasidan ayrilişi mumkin
