O‘zbekistonda startaplar uchun yagona raqamli platforma ishga tushiriladi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi innovatsion startaplarni qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasiga taqdim etdi.
Loyihaga ko‘ra, startaplarni baholashda xalqaro standartlar joriy etiladi, inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari rivojlantiriladi hamda innovatsion loyihalar bilan ishlashning yagona raqamli tizimi yaratiladi.
Har yili kamida 50 ta startap moliyalashtiriladi
Yangi tizim doirasida har yili kamida 50 ta startap davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Ushbu maqsadlar uchun yiliga kamida 40 milliard so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, xususiy investorlar, kompaniyalar va venchur fondlaridan kamida 500 ming dollar investitsiya jalb etish ko‘zda tutilgan.
Barcha jarayonlar onlayn platformaga o‘tkaziladi
2027-yil 1-yanvardan boshlab startaplarni qabul qilish, saralash, baholash va moliyalashtirish jarayonlari to‘liq raqamlashtiriladi.
Shu maqsadda innovatsion loyihalar uchun maxsus platforma va ilmiy hamda innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarning yagona reyestri yaratiladi. Platformada kraudfanding mexanizmi ham paydo bo‘lib, startaplarga qo‘shimcha mablag‘ jalb qilish imkoniyati yaratiladi.
Davlat mablag‘i faqat tayyorgarlik bosqichidan o‘tgan loyihalarga beriladi
Yangi tartibga ko‘ra, davlat moliyalashtiruvi faqat inkubatsiya yoki akseleratsiya dasturlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan startaplarga ajratiladi. Innovatsion rivojlanish agentligi loyihalarni qabul qiladi va ularni rivojlantirish dasturlariga yo‘naltiradi.
Moliyalashtirish TRL darajasiga bog‘lanadi
Startaplarni qo‘llab-quvvatlash hajmi xalqaro TRL (Technology Readiness Level) tizimi asosida belgilanadi.
Inkubator va akselerator tashkilotchilariga har bir startap uchun:
- TRL 1–3 bosqichda — 13,2 mln so‘mgacha;
- TRL 4–6 bosqichda — 22 mln so‘mgacha;
- TRL 7–9 bosqichda — 30,8 mln so‘mgacha mablag‘ ajratiladi.
Shuningdek, muvaffaqiyatli loyihalar:
- TRL 4–6 darajasida — 213,4 mln so‘mgacha;
- TRL 7 va undan yuqori darajada — 1,98 mlrd so‘mgacha davlat mablag‘ini olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Startaplarga marketing va bozorga chiqishda yordam beriladi
Moliyalashtirish olgan loyihalar Startaplarni qo‘llab-quvvatlash markazi tomonidan reklama, marketing va mahsulotlarni bozorga olib chiqish masalalarida qo‘llab-quvvatlanadi. Bundan tashqari, innovatsion ishlanmalarni davlat organlari va yirik korxonalarga joriy etish bo‘yicha takliflar muntazam ravishda taqdim etib boriladi.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Özbekiston Dakar Olimpiadasida kumuş va bronza medallarni qölga kiritdi

Özbekistan banklari kapitali 152,9 trillion sömdan oşdi

Apple servislaridan rekord darajadagi 31,6 milliard dollar daromad oldi

Taşkentda yana bir oila meros mojarosi sabab sotib olgan kvartirasidan ayrilişi mumkin
