Yangiliklar/Iqtisod

Birja savdolarida propan narxi ikki kunda qariyb 65 foizga oshdi

Iqtisod 21 sentyabr, 21:13
Birja savdolarida propan narxi ikki kunda qariyb 65 foizga oshdi

O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasida (O‘zRTXB) propan narxi ikki kun ichida qariyb 65 foizga oshib, yangi tarixiy maksimumni qayd etdi.

16-sentabr kuni birjada propanning bir tonnasi 7,412 mln so‘mdan sotilgan bo‘lsa, 17-sentabrda narx 11,904 mln so‘mga (+60,6 foiz) ko‘tarildi. 18-sentabr kuni esa bir tonna propan narxi 12,217 mln so‘mga (+2,6 foiz) yetdi. Shu tariqa, ikki kun ichida narx qariyb 4,8 mln so‘mga yoki 65 foizga oshgan. Savdo hajmi ham sezilarli o‘sdi. Agar 16-sentabr kuni 666 tonna propan sotilgan bo‘lsa, 18-sentabrga kelib bu ko‘rsatkich 1114 tonnani tashkil etdi. Bu esa 67,2 foizlik o‘sishni anglatadi.

Ma’lum bo‘lishicha, 17-sentabrdan boshlab birjada suyultirilgan gaz narxining o‘sishiga qo‘yilgan 10 foizlik cheklov bekor qilingan. Mazkur qaror Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining 16-sentabrdagi ko‘rsatmasi asosida qabul qilingan.

Shu bilan birga, yana bir talab o‘z kuchida qoldi. Ya’ni importyorlar va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning birjadagi arizalari propanning boshlang‘ich narxi 7,5 mln so‘mdan yuqori bo‘lsa qabul qilinmaydi. Demak, savdolar uchun boshlang‘ich narx chegarasi saqlab qolingan, biroq savdo jarayonida narxning maksimal o‘sishi endilikda cheklanmaydi.

2024-yil noyabr oyida propan narxi bir tonna uchun 10,1 mln so‘mdan oshib ketganidan so‘ng, antimonopoliya organi narx o‘sishini cheklash mexanizmini joriy qilgan edi. Dastlab, narxning boshlang‘ich qiymatga nisbatan maksimal o‘sishi 20 foiz etib belgilangan.

2026-yil 12-yanvardan esa ushbu limit 20 foizdan 10 foizga tushirilgan edi. O‘sha paytda ham propanning boshlang‘ich narxi 7,5 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan arizalar qabul qilinmagan. Natijada birjada propanning maksimal savdo narxi 8,25 mln so‘m bilan cheklanib turgan.

4830

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→