Yevroittifoqda ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar yoshini tekshirish taklif qilindi

Dunyo 19 sentyabr, 11:02
Yevroittifoqda ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar yoshini tekshirish taklif qilindi

Yevrokomissiya Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida bolalarning ijtimoiy tarmoqlar va videoplatformalardan foydalanishiga doir yagona qoidalarni joriy etishni taklif qildi. Tashabbus 17-sentabr kuni taqdim etilgan EU KIDS Act loyihasiga kiritilgan.

Taklifga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar va videoplatformalar yangi akkaunt ochishda foydalanuvchining yoshini tekshirishi kerak bo‘ladi. Buning uchun sertifikatlangan vositalardan, jumladan, Yevrokomissiya tomonidan ishlab chiqilgan yoshni tasdiqlash ilovasidan foydalanish mumkin. U orqali platformaga shaxsni tasdiqlovchi hujjat, aniq yosh yoki boshqa shaxsiy ma’lumotlarni taqdim etmasdan, belgilangan yosh chegarasiga mos kelishini tasdiqlash mumkin.

Loyihada bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishiga bosqichma-bosqich cheklovlar joriy etish taklif qilinmoqda. 13 yoshgacha bo‘lgan bolalar mustaqil ravishda akkaunt ocholmaydi. 13–15 yoshdagi bolalar uchun ota-ona nazoratidagi, funksiyalari cheklangan va kuniga bir soatgacha foydalanish imkonini beruvchi akkauntlar nazarda tutilmoqda. 15 yoshdan boshlab o‘smirlar akkauntlarni mustaqil ravishda ochishi mumkin bo‘ladi.

18 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilar uchun platformalarda «standart bo‘yicha xavfsizlik» tamoyilini joriy etish ham taklif qilinmoqda. Jumladan, cheksiz skroll va ayrim bildirishnomalar kabi xizmatlardan haddan tashqari foydalanishga undashi mumkin bo‘lgan funksiyalar cheklanishi, shuningdek, begona foydalanuvchilarning istalmagan aloqalariga qarshi qo‘shimcha himoya choralarini joriy etish taklif etilmoqda.

EU KIDS Act hozircha Yevrokomissiyaning taklifi hisoblanadi. Hujjat Yevropa Ittifoqining qonunchilik jarayoni doirasida ko‘rib chiqilishi kerak, shu sababli uning yakuniy qoidalari o‘zgarishi mumkin.

1,2320

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→