Qoraqalpog‘istonda 55 mlrd so‘mlik intensiv bog‘ barpo etildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga tashrifi davomida Kegeyli tumanida joylashgan “ADM Agro” korxonasining intensiv bog‘ini ko‘zdan kechirdi.

Loyiha Orolbo‘yi hududida bog‘dorchilik rivojlantirish qiyin, degan qarashlarga amaliy javob bo‘ldi. Sho‘rlangan tuproq va murakkab iqlim sharoitlariga qaramay, bu yerda 55 milliard so‘mlik investitsiya hisobiga zamonaviy bog‘ barpo etilgan.

Bog‘ning umumiy maydoni 330 gektarni tashkil etadi. Korxona ishga tushirilishi natijasida mahalliy aholi uchun 100 ta doimiy ish o‘rni yaratildi.

Hozirda 69 gektar maydonga AQSH seleksiyasiga mansub, sho‘r yerlarga chidamli 250 ming tup qora olxo‘ri ko‘chati ekilgan. Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, ushbu nav ikki yildan so‘ng hosil bera boshlaydi va har bir daraxtdan 50-60 kilogrammgacha meva olish mumkin.

Yer maydonidan samarali foydalanish maqsadida daraxtlar oralig‘iga pomidor ham ekilgan. Har gektardan o‘rtacha 40-45 tonna hosil olish rejalashtirilgan.

Bog‘da suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan. Yopiq drenaj va tomchilatib sug‘orish tizimlari tufayli bir gektar maydonni sug‘orish uchun sarflanadigan suv hajmi 12 ming litrdan 5 ming litrgacha qisqartirilgan. Bu esa suv sarfini qariyb 60 foizga kamaytirish imkonini bermoqda.
Shuningdek, hududda mevalarni quritish va qayta ishlash uskunalari o‘rnatilgan. Bu mahsulotning qo‘shilgan qiymatini oshirish va eksport imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Korxona tomonidan mahsulotlarni eksport qilish bo‘yicha Xitoy, Janubiy Koreya va Rossiya kompaniyalari bilan shartnomalar imzolangan. Prezident bog‘ni ko‘zdan kechirar ekan, Orolbo‘yi kabi murakkab hududda zamonaviy agroloyihani amalga oshirish tadbirkorlarning tashabbuskorligi va zamonaviy yondashuvini namoyish etishini qayd etdi.
Kegeyli tumanidagi ushbu tajribani butun Qoraqalpog‘iston bo‘ylab kengaytirish rejalashtirilmoqda. Kelgusida intensiv bog‘lar maydonini 10 ming gektarga yetkazish va 40 mingta doimiy hamda mavsumiy ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.
Tashrif davomida davlat rahbari fermerlar bilan ham uchrashib, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va aholi bandligini oshirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Özbekiston Dakar Olimpiadasida kumuş va bronza medallarni qölga kiritdi

Özbekistan banklari kapitali 152,9 trillion sömdan oşdi

Apple servislaridan rekord darajadagi 31,6 milliard dollar daromad oldi

Taşkentda yana bir oila meros mojarosi sabab sotib olgan kvartirasidan ayrilişi mumkin
