Yangiliklar/Siyosat

Kegeylidagi parrandachilik korxonasi Afg‘onistonga $1,1 mlnlik mahsulot eksport qildi

Siyosat 18 sentyabr, 18:41
Kegeylidagi parrandachilik korxonasi Afg‘onistonga $1,1 mlnlik mahsulot eksport qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga tashrifi davomida Kegeyli tumanida aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirishga qaratilgan issiqxona hamda parrandachilik loyihalarini ko‘zdan kechirdi.

Davlat rahbariga Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan issiqxona majmuasi faoliyati haqida ma’lumot berildi. Loyihaga 12,5 milliard so‘m imtiyozli mablag‘ yo‘naltirilib, 5 gektar maydonda zamonaviy yengil tipdagi issiqxona barpo etilgan.

Majmua ishga tushirilgach, avval Ijtimoiy reyestrda ro‘yxatda turgan 50 ta oila doimiy ish bilan ta’minlandi. Har bir oilaga 10 sotixdan issiqxona maydoni ajratilgan. Loyiha doirasida tadbirkor nafaqat yer va infratuzilma bilan ta’minlaydi, balki ikki yil davomida ishtirokchilarni o‘qitib, keyinchalik o‘z tomorqalarida issiqxona tashkil etishiga ko‘maklashadi.

Yetishtirilgan mahsulotlar esa tadbirkor tomonidan bozor narxida xarid qilinadi. Bundan tashqari, majmuada har yili 1000 nafargacha fuqaro issiqxona xo‘jaligi va dehqonchilik bo‘yicha o‘qitilishi rejalashtirilgan.

Oilalar daromadini oshirish maqsadida issiqxona yaqinida 500 bosh o‘rdak boqishga mo‘ljallangan xo‘jalik ham tashkil etilgan. Ishtirokchilarga Braziliyadan keltirilgan “Favorit” zotli o‘rdaklar berilib, ularni parvarishlash va ko‘paytirish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar o‘rgatilmoqda.

Majmuada energiya tejamkor texnologiyalar joriy etilgan. Hududga o‘rnatilgan 100 kilovatt quvvatdagi quyosh panellari issiqxonaning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qoplaydi.

Parrandachilik korxonasi eksportni kengaytirmoqda

Prezident shuningdek “Kegeyli baraka naslli parranda” korxonasi faoliyati bilan ham tanishdi. Umumiy qiymati 7,8 million dollar bo‘lgan loyiha 21 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, korxona ishga tushishi natijasida 70 ta doimiy ish o‘rni yaratildi.

Korxona bir vaqtning o‘zida 200 ming bosh tovuq boqish quvvatiga ega. Hozirda bu yerda 130 ming bosh parranda parvarish qilinmoqda. Majmua yiliga 27,5 million dona inkubatsion tuxum ishlab chiqaradi. Parrandalarni ozuqa bilan ta’minlash uchun korxona hududida sutkasiga 100 tonna yem ishlab chiqarish quvvatiga ega zavod ham qurilgan. Ishlab chiqarish jarayonlari to‘liq avtomatlashtirilgan.

Bugungi kunda korxona nafaqat Qoraqalpog‘istonning tovuq go‘shti va tuxum mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qoplamoqda, balki eksportni ham yo‘lga qo‘ygan. Joriy yil sentabriga qadar Afg‘onistonga 1,1 million dollarlik mahsulot eksport qilingan. Yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkichni 1,5 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Shuningdek, yil oxirigacha qiymati 5 million dollar bo‘lgan yangi fabrika ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan. Yangi loyiha ishlab chiqarish hajmini oshirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi. Prezident bunday majmualar kelajakda yirik parrandachilik xoldinglariga aylanishi, yangi va yuqori maoshli ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qilishi kerakligini ta’kidlab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

2,0050

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→