Yangiliklar/Siyosat

Turkiy davlatlar Interpol va Yevropolga o‘xshash Turkpol tashkilotini tuzishni taklif qildi

Siyosat 12 sentyabr, 22:19
Turkiy davlatlar Interpol va Yevropolga o‘xshash Turkpol tashkilotini tuzishni taklif qildi

Turkiya Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida Interpol va Yevropolga o‘xshash Turkpol tashkilotini tuzishni taklif qildi. Bu haqda Turkiya ichki ishlar vaziri Mustafa Chiftchi tashkilotga a’zo davlatlar ichki ishlar vazirlarining uchinchi yig‘ilishida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tashabbus yig‘ilishda ishtirok etgan Qozog‘iston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va O‘zbekiston ichki ishlar vazirlari tomonidan ijobiy qabul qilingan.

Shuningdek, qo‘shma bayonotga Jinoyatchilikka qarshi kurash kengashini tashkil etish masalasi kiritilgan. Kengash terrorizm, giyohvandlik, noqonuniy migratsiya, noqonuniy bukmekerlik faoliyati va boshqa jinoyatlarga qarshi kurashda turkiy davlatlarning hamkorligini kuchaytirishi kutilmoqda.

Mustafa Chiftchining ta’kidlashicha, Jinoyatchilikka qarshi kurash kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yilgach, uning ijro organi sifatida Turkiy davlatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligi agentligi — Turkpol tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.

Yig‘ilishda turkiy davlatlar fuqarolarining shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar orqali o‘zaro safar qilishi hamda aeroportlarda umumiy pasport nazorati punktlarini tashkil etish masalalari ham muhokama qilingan.

9070

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→