Yangiliklar/Ekologiya

“Oʻzbekneftgaz” kompaniyasi Ustyurtda beshta quduq burgʻulash ishlarini olib bormoqda

Ekologiya 10 sentyabr, 10:45
“Oʻzbekneftgaz” kompaniyasi Ustyurtda beshta quduq burgʻulash ishlarini olib bormoqda

«O‘zbekneftgaz» Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanidagi Qiziljar va Shag‘irliq konlarida bir vaqtning o‘zida beshta chuqur quduqni burg‘ilamoqda. Ayrim quduqlar allaqachon loyiha chuqurligiga yaqinlashgan.

Har ikki kon o‘zining istiqbolli ekanini tasdiqlagan. 2026-yil fevral oyida Qiziljardagi quduq qariyb 5 ming metr chuqurlikda sanoat ahamiyatiga ega gaz oqimini bergan. Shag‘irliqda esa 2026-yil yanvar oyidayoq 5265 metr chuqurlikdagi 2-sonli qidiruv qudug‘ida quyi yura qatlamlaridan gaz zaxiralari aniqlangan.

Burg‘ilash ishlari ikki pudratchi tomonidan amalga oshirilmoqda: «O‘zbekneftgaz»ning o‘z tarkibidagi «O‘zneftgaz burg‘ilash ishlari» korxonasi hamda Xitoyning CNPC Xibu Drilling Engineering Company kompaniyasi. Yoz oylarida tomonlar 30 ta chuqur qidiruv va razvedka qudug‘ini qurish hamda 9 ta burg‘ilash uskunasini safarbar etish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Bunda yer qa’ri boyliklariga bo‘lgan huquqlar va aniqlangan zaxiralar O‘zbekiston tomonida saqlanib qoladi.

Ustyurt mintaqasi O‘zbekistonda geologik-qidiruv ishlarining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. 2025-yilda Energetika vazirligi, SOCAR va «O‘zbekneftgaz» Ustyurtdagi bir qator investitsiya bloklari bo‘yicha mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi bitimni imzolagan edi.

2026-yilning dastlabki sakkiz oyida «O‘zbekneftgaz» 15,1 milliard kub metr gaz qazib oldi, 60 ta yangi quduqni burg‘iladi va amaldagi 81 ta quduqda ta’mirlash ishlarini amalga oshirdi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra esa gaz qazib olish hajmi 25,2 milliard kub metrni tashkil etgan.

3580

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→