BMTda 164 davlat yangi dunyo xaritasini qoʻllab-quvvatladi

Dunyo 7 sentyabr, 15:15
BMTda 164 davlat yangi dunyo xaritasini qoʻllab-quvvatladi

BMT Bosh Assambleyasi mamlakatlar va qit’alarning haqiqiy o‘lchamlarini aniqroq aks ettiradigan xaritalardan kengroq foydalanishni nazarda tutuvchi rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatladi. Hujjat uchun 164 davlat, jumladan O‘zbekiston ham ovoz berdi. AQSH rezolyutsiyaga qarshi chiqdi, yana olti davlat betaraf qoldi.

Tashabbus Togo boshchiligidagi Afrika davlatlari tomonidan ilgari surilgan. Hujjat davlat organlari, ta’lim muassasalari, xalqaro tashkilotlar va texnologik kompaniyalarga hududlar maydonini aniqroq ko‘rsatadigan Equal Earth proyeksiyasi hamda boshqa teng maydonli xaritalardan foydalanishni tavsiya etadi. Shu bilan birga, rezolyutsiya Merkator proyeksiyasidan voz kechishni nazarda tutmaydi.

Merkator proyeksiyasi 1569-yilda dengiz navigatsiyasi uchun yaratilgan. U harakat yo‘nalishlarini aniq saqlab qoladi, biroq hududlar maydonini sezilarli darajada buzib ko‘rsatadi. Mamlakat yoki qit’a ekvatordan qanchalik uzoqda joylashgan bo‘lsa, xaritada shunchalik kattaroq ko‘rinadi. Masalan, Grenlandiya xaritada Afrika bilan deyarli bir xil hajmda ko‘rinishi mumkin, holbuki Afrikaning maydoni undan taxminan 14 baravar katta.

Rezolyutsiya tarafdorlari bunday buzilishlar o‘nlab yillar davomida dunyo mintaqalari, ayniqsa Afrika hajmi va ahamiyati haqidagi tasavvurlarni noto‘g‘ri shakllantirganini ta’kidlamoqda. Ularning fikricha, hududlar maydonini aniqroq aks ettiradigan xaritalardan foydalanish dunyo haqidagi tasavvurni yanada xolisroq qiladi.

Rezolyutsiya tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lib, mamlakatlarni Merkator proyeksiyasi asosida tuzilgan xaritalardan voz kechishga majbur qilmaydi.

2,9290

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→