Ukraina jahon chempionatini Polsha bilan birga oʻtkazish haqida oʻylamoqda

Ukraina futbol bo‘yicha jahon chempionatini Polsha bilan birgalikda o‘tkazish imkoniyatini o‘rganmoqda. Bu haqda Politico nashriga bergan intervyusida Ukraina yoshlar va sport vaziri Matvey Bedniy ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, musobaqani qabul qilish uchun eng yaqin imkoniyat 2040-yillarga to‘g‘ri keladi. Shu sababli, ehtimoliy arizaga tayyorgarlikni hozirdanoq boshlash zarur.
“Jahon chempionatini o‘tkazish uchun eng yaqin bo‘sh muddat taxminan 2040-yillarga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun biz bu istiqbolni inobatga olgan holda hozirdan reja tuzishimiz kerak”, — dedi Bedniy.
Vazirning ta’kidlashicha, Ukraina hozircha FIFA yoki UEFAga rasmiy ariza topshirgan emas. Biroq mamlakat Polsha bilan birgalikda bunday loyihani amalga oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqishga qiziqish bildirmoqda. Ikki davlat yirik futbol turnirlarini tashkil etish bo‘yicha tajribaga ega. Xususan, 2012-yilda Ukraina va Polsha futbol bo‘yicha Yevropa chempionatiga mezbonlik qilgan, o‘yinlar ikki mamlakatning sakkiz shahrida o‘tkazilgan.
Shu bilan birga, Polsha rasmiylari Politico nashriga mamlakat Sport va turizm vazirligi hozircha Ukraina bilan jahon chempionatini birgalikda o‘tkazish masalasida rasmiy muzokaralar olib bormayotganini bildirgan.
Avvalroq FIFA yaqin yillardagi jahon chempionatlari mezbonlarini tasdiqlagan edi. 2030-yilgi mundial Ispaniya, Portugaliya va Marokashda o‘tkaziladi, ayrim uchrashuvlar Urugvay, Argentina va Paragvayda bo‘lib o‘tadi. 2034-yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatiga esa Saudiya Arabistoni mezbonlik qiladi. Shu sababli Ukraina jahon chempionatini qabul qilish bo‘yicha uzoq muddatli istiqbolni ko‘rib chiqmoqda.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Özbekiston Dakar Olimpiadasida kumuş va bronza medallarni qölga kiritdi

Özbekistan banklari kapitali 152,9 trillion sömdan oşdi

Apple servislaridan rekord darajadagi 31,6 milliard dollar daromad oldi

Taşkentda yana bir oila meros mojarosi sabab sotib olgan kvartirasidan ayrilişi mumkin
