Yangiliklar/Ekologiya

Qashqadaryo togʻlarida birinchi qor yogʻdi

Ekologiya 4 sentyabr, 17:02
Qashqadaryo togʻlarida birinchi qor yogʻdi

Qashqadaryo viloyatidagi “Hisor” davlat qo‘riqxonasida havo harorati keskin pasaydi. Haroratning tushishi natijasida qo‘riqxonaning Miraki va G‘elon bo‘limlarining baland tog‘li hududlariga qor yog‘di.

E’lon qilingan suratlarda qor bilan qoplangan tog‘ yonbag‘irlari va hududlar aks etgan. Ekologiya xizmatlari ma’lumotiga ko‘ra, yog‘ingarchilik Hisor tog‘ tizmasining eng baland nuqtalarida kuzatilgan.

“Hisor” davlat qo‘riqxonasi O‘zbekistondagi eng yirik qo‘riqxona hisoblanadi. U 1983-yilda Hisor tizmasining shimoli-g‘arbiy etaklaridagi tabiiy majmualarni, shuningdek noyob o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish maqsadida tashkil etilgan. Qo‘riqxona tarkibiga G‘elon, Miraki, Tanxozdaryo va Qizilsuv bo‘limlari kiradi.

Muhofaza qilinadigan hududning umumiy maydoni 80,9 ming gektardan ortiq. Shundan 24,3 ming gektardan ziyodi o‘rmonlar, qariyb 35 ming gektari esa baland tog‘li hududlar, qoyalar, daralar va muzliklardan iborat. Aynan shu hududlarda kuzgi sovuqlar va qor yog‘ishi avvalroq kuzatiladi. Hisor qo‘riqxonasi boy biologik xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Bu yerda O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan qor barsi, Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i, Sibir tog‘ echkisi va burgut kabi noyob hayvonlar yashaydi.

Sentabr oyi boshida qor yog‘ishi tog‘li hududlarda havo harorati sezilarli darajada pasayganini va kuz mavsumi yaqinlashayotganini ko‘rsatadi.

1,9920

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→