Janubiy Koreyada to‘rt nafar o‘zbekistonlik terrorizmni moliyalashtirishda ayblandi

Janubiy Koreyada O‘zbekistonning to‘rt nafar fuqarosiga terrorizmni moliyalashtirishga qarshi qonunchilikni buzish bo‘yicha ayblov qo‘yildi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ular Suriyadagi “Katiba Tavhid val-Jihod” (KTJ) guruhiga yordam ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, ayblanuvchilardan biri — 29 yoshli O‘zbekiston fuqarosi 2024-yil avgustidan 2025-yil apreligacha yetti marta KTJga umumiy qiymati 4,6 ming dollar atrofida bo‘lgan kriptovalyuta o‘tkazgan.
Tergovchilar, shuningdek, erkak KTJdan kriptovalyuta olgani va ushbu mablag‘lardan Janubiy Koreyada texnika sotib olganini taxmin qilmoqda. U jami 123 ming dollar qiymatidagi 11 ta ishlatilgan avtomobil va ikkita ekskavator xarid qilib, ularni Suriyaga yuborgan.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu texnika guruh bazalarini jihozlash va Suriyadagi faoliyatida foydalanilgan bo‘lishi mumkin.
Yana uch nafar O‘zbekiston fuqarosi ishlatilgan avtomobillarni xarid qilish va ularni Suriyaga yuborishga ko‘maklashganlikda ayblanmoqda. Ular hozircha hibsga olinmagan.
Asosiy ayblanuvchi haqida
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 29 yoshli erkak 2017-yil avgustida D-2 talabalar vizasi bilan Janubiy Koreyaga kelgan. Viza muddati 2023-yil yanvarida tugaganidan keyin u mamlakatda noqonuniy ravishda qolgan.
Erkak Teyjon shahrida yashagan va qurilish sohasida ishlagan. Tergovchilar uning o‘zi KTJ a’zosi bo‘lmagan, biroq guruh a’zosi ekani taxmin qilinayotgan ukasining ta’siri ostida unga yordam bera boshlagan deb hisoblamoqda.
Erkak 2025-yil aprelida — Interpol uni xalqaro qidiruvga berganidan taxminan bir oy o‘tib qo‘lga olingan.
Janubiy Koreya prokuraturasi unga sakkiz yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashni so‘ramoqda. Ayblanuvchilarning aybi sud tomonidan yakuniy tartibda aniqlanishi kerak.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Özbekiston Dakar Olimpiadasida kumuş va bronza medallarni qölga kiritdi

Özbekistan banklari kapitali 152,9 trillion sömdan oşdi

Apple servislaridan rekord darajadagi 31,6 milliard dollar daromad oldi

Taşkentda yana bir oila meros mojarosi sabab sotib olgan kvartirasidan ayrilişi mumkin
