Argentina Messi sharafiga barcha o‘yinlarni 10-daqiqada to‘xtatadi

Argentina futbol assotsiatsiyasi (AFA) Lionel Messining milliy jamoa tarixidagi o‘rnini o‘ziga xos tarzda e’tirof etishga qaror qildi. Yaqinlashib kelayotgan o‘yinlar haftaligida mamlakatdagi barcha erkaklar va ayollar musobaqalaridagi uchrashuvlar 10-daqiqada to‘xtatiladi. Shu tariqa futbolchilar va muxlislar afsonaviy hujumchi sharafiga bir daqiqalik qarsaklar bilan xotirlaydi.
10-daqiqa tanlanishi bejiz emas. Messi terma jamoadagi faoliyatining katta qismini afsonaviy 10-raqam ostida o‘tkazgan. Bundan tashqari, ekranlar bilan jihozlangan stadionlarda AFA tomonidan tayyorlangan va futbolchining yutuqlariga bag‘ishlangan maxsus videorolik namoyish etiladi. Aksiya Argentina futbolining barcha divizionlarini qamrab oladi. Bunday tashabbus ilk bor Argentina kubogi doirasidagi “Boka Xuniors” va “Veles Sarsfild” uchrashuvida tashkil etilgan.
Messini sharaflashga uning terma jamoadagi faoliyatini yakunlash haqidagi qarori sabab bo‘ldi. Sentabr oyi boshida 39 yoshli futbolchi 20 yildan ortiq davom etgan xalqaro faoliyatidan so‘ng Argentina terma jamoasini tark etayotganini e’lon qildi. Uning milliy jamoa safidagi so‘nggi turniri 2026-yilgi Jahon chempionati bo‘ldi. O‘shanda Argentina finalgacha yetib borgani holda Ispaniyaga mag‘lub bo‘lgan edi.
Messi Argentina terma jamoasidagi faoliyatini mutlaq rekordchi sifatida yakunladi. U milliy jamoa safida 207 ta uchrashuv o‘tkazib, 125 ta gol urgan. Faoliyati davomida u Argentinani 2022-yilgi Jahon chempionati g‘olibligiga olib chiqqan, 2021, 2024-yillarda Amerika kubogini qo‘lga kiritgan, shuningdek, Pekin-2008 Olimpiadasida oltin medal sohibiga aylangan. Messi futbol tarixida sakkiz marta “Oltin to‘p” mukofotini qo‘lga kiritgan yagona futbolchi bo‘lib qolmoqda.
Xalqaro faoliyatini yakunlaganiga qaramay, argentinalik yulduz klub miqyosida o‘ynashda davom etmoqda. Hozirda u AQShning “Inter Mayami” klubi sharafini himoya qilmoqda. Xorijiy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, uning klub bilan shartnomasi 2028-yil oxirigacha amal qiladi.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Özbekiston Dakar Olimpiadasida kumuş va bronza medallarni qölga kiritdi

Özbekistan banklari kapitali 152,9 trillion sömdan oşdi

Apple servislaridan rekord darajadagi 31,6 milliard dollar daromad oldi

Taşkentda yana bir oila meros mojarosi sabab sotib olgan kvartirasidan ayrilişi mumkin
