Yangiliklar/Jamiyat

Oʻzbekistonda 795 mingdan ortiq bola birinchi sinfga bordi

Jamiyat 2 sentyabr, 10:32
Oʻzbekistonda 795 mingdan ortiq bola birinchi sinfga bordi

O‘zbekiston bo‘ylab barcha maktablarda yangi o‘quv yili boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar bo‘lib o‘tdi. 2-sentabr kuni 795 ming nafardan ortiq bola uchun ilk maktab qo‘ng‘irog‘i jarangladi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilida mamlakatdagi 10 225 ta umumta’lim maktabida 6,7 million nafardan ortiq o‘quvchi tahsil oladi. Ta’lim jarayoniga 550 mingdan ziyod pedagog jalb etilgan.

Birinchi sinfga qabul qilingan barcha o‘quvchilarga “Prezident sovg‘asi” topshirildi. To‘plam maktab sumkasi hamda o‘quv jarayoni uchun zarur bo‘lgan 12 turdagi o‘quv qurollaridan iborat. Sovg‘alar nafaqat davlat maktablari, balki nodavlat ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan bolalar uchun ham tayyorlangan.

Joriy yilda to‘plamga davlat ramzlari tasvirlangan esdalik breloklari ham qo‘shildi. Vazirlik ta’kidlashicha, mazkur tashabbus O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan amalga oshirilmoqda va yosh avlodda davlat ramzlariga hurmat tuyg‘usini mustahkamlashga qaratilgan.

Bilimlar kuni munosabati bilan maktablar atrofida xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda Milliy gvardiya xodimlari ta’lim muassasalari hududlarida navbatchilik qildi. Shuningdek, maktablar yaqinidagi yo‘llarda YHXB xodimlari tomonidan nazorat kuchaytirildi.

Avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev ham Bilimlar kuni munosabati bilan o‘quvchilarga yo‘llagan tabrigida sifatli ta’lim olish va zamonaviy kasblarni egallash muhimligini alohida ta’kidlagan.

5110

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→