Yangiliklar/Siyosat

Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasida Abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi shartnoma imzolandi

Siyosat 24 avgust, 10:30
Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasida Abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi shartnoma imzolandi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda ikki tomonlama muzokaralar yakunlarini sarhisob qildi.

Davlat rahbari Ozarbayjon Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifini tarixiy voqea deb atab, sammitning eng muhim natijasi Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolanganini ta’kidladi. Tashrif doirasida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlarini rivojlantirishga xizmat qiluvchi Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralarda asosiy e’tibor iqtisodiy masalalarga qaratildi. Tomonlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 2030 yilga qadar 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha dastur qabul qildilar. Shuningdek, investitsiyalar va savdo sohasidagi kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy harakatlar rejasi tasdiqlandi.

Prezidentlar sanoat kooperatsiyasi, energetika, geologiya, kimyo sanoati, qurilish, moliya va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlaridagi istiqbolli loyihalarni ham muhokama qildilar. Hamkorlikni rivojlantirishda avval tashkil etilgan Ozarbayjon-O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi muhim o‘rin tutayotgani ta’kidlandi.

Transport va logistika sohasidagi hamkorlik ham kun tartibining muhim qismi bo‘ldi. Xususan, tomonlar Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi imkoniyatlaridan yanada samarali foydalanish, logistika infratuzilmasini takomillashtirish va yuk tashish hajmini oshirishga kelishib oldilar.

Sammit yakunlari bo‘yicha qator hujjatlar imzolandi. Ular orasida madaniyat, turizm va pensiya ta’minoti sohalaridagi hamkorlik bo‘yicha bitimlar, 2027-2028 yillarga mo‘ljallangan Tashqi ishlar va Adliya vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik dasturlari hamda boshqa hujjatlar mavjud.

Gumanitar hamkorlik doirasida Toshkentda Nizomiy Ganjaviy nomidagi pedagogika universitetining yangi binosi ochilishi, Yangi Toshkentda “Ozarbayjon” bog‘i barpo etilishi ma’lum qilindi. Yil oxirigacha O‘zbekistonda Ozarbayjon madaniyati kunlari, Ozarbayjonda esa ikki davlat oliy ta’lim muassasalari rektorlarining ikkinchi forumi tashkil etiladi. Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy merosiga bag‘ishlangan qo‘shma badiiy film suratga olinishi rejalashtirilgan.

Sport sohasida esa FIFA qaroriga muvofiq, O‘zbekiston va Ozarbayjon kelgusi yilda yoshlar o‘rtasidagi futbol bo‘yicha jahon chempionatiga birgalikda mezbonlik qiladi. Shu munosabat bilan “Ikki mamlakat — bir chempionat” dasturini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

5120

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→