Yangiliklar/Jamiyat

Moviy gumbazlar yonida 24 soatlik Kitob koʻchasi paydo boʻladi

Jamiyat 21 avgust, 16:10
Moviy gumbazlar yonida 24 soatlik Kitob koʻchasi paydo boʻladi

Toshkentda mutolaa madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli dastur amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Poytaxt hokimligi rejasiga ko‘ra, shahardagi 585 ta mahallaning barchasida bosqichma-bosqich kitob burchaklari tashkil etiladi, 12 ta tumanning har birida esa zamonaviy interaktiv kutubxonalar barpo etiladi.

Bu haqda Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov UzA'ga bergan intervyusida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kitobxonlik infratuzilmasini rivojlantirish 2026-2027 yillarda poytaxtni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi prezident qarorida belgilangan.

“Inson uyidan chiqqanda, uning yaqinida mutolaa qilish uchun makon bo‘lishi kerak. Shu sababli bunday kitob burchaklari bosqichma-bosqich shaharning barcha mahallalarida tashkil etiladi”, dedi hokim.

Yangi kutubxonalar qurilishi uchun har bir tumanda yer maydonlari allaqachon belgilab qo‘yilgan. Ta’kidlanishicha, bu obyektlar nafaqat kitob saqlanadigan joy, balki ta’lim olish, dam olish va madaniy tadbirlar o‘tkazish uchun zamonaviy jamoat maskanlari bo‘ladi.

Shuningdek, Yakkasaroy tumanidagi “Moviy gumbazlar” hududiga alohida e’tibor qaratiladi. Bu yerda sutka davomida ishlaydigan “Kitob ko‘chasi” tashkil etilishi rejalashtirilgan. U kitob savdosi va madaniy tadbirlarning markaziga aylanishi kutilmoqda. Loyiha hududni obodonlashtirish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ochiq maydonlarda turli tadbirlarni o‘tkazishni nazarda tutadi. Ishlarni 2026-yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan.

Shavkat Umurzoqovning ta’kidlashicha, dasturdan ko‘zlangan asosiy maqsad kitobni shaharning istalgan nuqtasida, ya’ni uy yaqinida, ko‘chada, tumanda yoki savdo markazida aholiga yaqin qilishdir.

Bundan tashqari, Toshkentda kitobxonlikni ommalashtirish maqsadida “Eng yaxshi kitobxon” shahar tanlovini o‘tkazish ham rejalashtirilmoqda.

1,4590

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→