Yangiliklar/Siyosat

Karyera markazlari mamlakatdagi har bir universitetda ochilishi mumkin

Siyosat 13 avgust, 12:40
Karyera markazlari mamlakatdagi har bir universitetda ochilishi mumkin

Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi mamlakatdagi barcha oliy ta’lim muassasalari huzurida karyera markazlarini tashkil etishni nazarda tutuvchi qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasiga taqdim etdi. Hujjat loyihasiga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan boshlab mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha OTMlarda bunday markazlar faoliyat yuritishi kerak.

Karyera markazlari quyidagi yo‘nalishlarda ishlashi rejalashtirilmoqda:

  • talabalarni kasbga yo‘naltirish;
  • amaliyot va stajirovkalarni tashkil etish;
  • ish beruvchilar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
  • karyera bo‘yicha maslahatlar berish;
  • bitiruvchilarni ishga joylashtirishga ko‘maklashish.

Oliy ta’lim muassasalari uchun alohida talablar ham belgilanishi taklif etilmoqda. Jumladan, davlat OTMlari faoliyat boshlashi bilan bir vaqtda karyera markazlarini tashkil etishi, xususiy OTMlar esa bunday markazlarni faoliyatining ikkinchi yilidan kechiktirmay ochishi kerak bo‘ladi.

Shuningdek, karyera markazlari faoliyati samaradorligini baholash tizimini joriy etish rejalashtirilgan. OTM rahbariyatlari har yili quyidagi guruhlar o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkazishi shart bo‘ladi:

  • talabalar;
  • bitiruvchilar;
  • ish beruvchilar.

Olingan ma’lumotlar karyera xizmatlari sifati va belgilangan samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) bajarilishini baholashda foydalaniladi.

Karyera markazlari menejerlari uchun 144 soatlik maxsus o‘quv dasturini yo‘lga qo‘yish ham rejalashtirilmoqda. Dastur quyidagi yo‘nalishlarni qamrab oladi:

  • mehnat bozori tahlili;
  • karyera bo‘yicha maslahat berish;
  • kasbga yo‘naltirish texnologiyalari;
  • ish beruvchilar bilan ishlash;
  • stajirovka va dual ta’limni tashkil etish;
  • LinkedIn, hh.uz va boshqa karyera platformalaridan foydalanish;
  • rezyume tayyorlash va suhbatlardan o‘tish ko‘nikmalari;
  • karyera yo‘nalishida sun’iy intellektdan foydalanish;
  • xalqaro tajribani o‘rganish.

O‘quv dasturi yakunida ishtirokchilar test sinovi, amaliy topshiriq va loyiha himoyasidan iborat yakuniy attestatsiyadan o‘tadi. 2027-yil sentabrigacha karyera markazlaridagi barcha lavozimlarni ushbu dastur bitiruvchilari bilan to‘ldirish rejalashtirilgan.

Islohotning yana bir muhim yo‘nalishi raqamlashtirish bo‘ladi. Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda boshqa idoralar o‘z axborot tizimlarini career.edu.uz platformasi bilan integratsiya qilishi kerak bo‘ladi.

4750

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→