Yangiliklar/Siyosat

Tadbirkorlarga litsenziyasiz uch oygacha ishlash huquqi beriladi

Siyosat 10 avgust, 17:01
Tadbirkorlarga litsenziyasiz uch oygacha ishlash huquqi beriladi

8-avgust kuni Oliy Majlis Senati tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ma’muriy to‘siqlarni qisqartirish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan ikkita qonun loyihasini ma’qulladi.

Birinchi qonun tadbirkorlik erkinligi kafolatlarini kuchaytirish va biznesni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirishni nazarda tutadi. Hujjatga ko‘ra, tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga ta’sir qiluvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi. Endilikda biznes uchun yangi majburiyatlar, taqiqlar, talablar, javobgarlik choralari yoki boshqa cheklovlarni nazarda tutuvchi hujjatlar tadbirkorlar va ularning birlashmalari bilan muhokama qilinishi shart bo‘ladi.

Shuningdek, “yashil” texnologiyalar, turizm, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun subsidiyalar ajratishning huquqiy asoslari takomillashtirilmoqda. Qonun innovatsion hamda ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni davlat grantlari hisobidan moliyalashtirish mexanizmlarini ham aniqlashtiradi. Bundan tashqari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishni qo‘llab-quvvatlash choralari ham nazarda tutilgan.

Ikkinchi qonun esa “litsenziyasiz biznes yuritish” deb nomlangan yangi huquqiy mexanizmni joriy etadi. Unga ko‘ra, ayrim faoliyat turlarida tadbirkorlar litsenziya yoki ruxsatnoma olmasdan, vakolatli organni xabardor qilish orqali ish boshlashi mumkin bo‘ladi. Yangi tartib asosida kompaniyalar uch oygacha litsenziyasiz faoliyat yuritish huquqiga ega bo‘ladi. Ushbu muddat davomida tadbirkorlar biznes modelini sinovdan o‘tkazishi, loyihaning iqtisodiy samaradorligini baholashi va barcha litsenziya talablarini bajarishga tayyorgarlik ko‘rishi mumkin.

Shuningdek, biznes subyektlariga faoliyatini belgilangan litsenziya va ruxsatnoma talablariga moslashtirish uchun qo‘shimcha vaqt beriladi. Qonun tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlarni ham belgilaydi. Xususan, tadbirkorlarni Majburiy talablar yagona reyestriga kiritilmagan talablarni bajarmagani uchun javobgarlikka tortish mumkin bo‘lmaydi. Mazkur reyestr biznes uchun amal qiladigan barcha talablarni o‘z ichiga olgan ochiq ma’lumotlar bazasi bo‘ladi.

Hujjat xususiylashtirish natijalarini qayta ko‘rib chiqish imkoniyatlarini ham cheklaydi va moliyaviy sanksiyalarni qo‘llashning yangi tartibini joriy etadi. Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini bir oy ichida to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi yoki qo‘shimcha murojaatsiz olti oylik bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatidan foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, biznes uchun imtiyoz va preferensiyalarning maxsus reyestri yaratiladi. Bu davlat qo‘llab-quvvatlash choralarini yanada shaffof va tadbirkorlar uchun qulayroq qilishga xizmat qiladi.

6730

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→