Yangiliklar/Siyosat

Albaniya prezidenti Oʻzbekistonga tashrif buyuradi

Siyosat 15 iyun, 13:18
Albaniya prezidenti Oʻzbekistonga tashrif buyuradi

16–17 iyun kunlari Albaniya Respublikasi Prezidenti Bayram Begay rafiqasi bilan birgalikda O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan keladi. Tashrif Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan amalga oshiriladi.

Asosiy tadbirlar Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi. Dastur doirasida oliy darajadagi muzokaralar rejalashtirilgan. Tomonlar O‘zbekiston va Albaniya o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qiladi. Asosiy e’tibor iqtisodiy yo‘nalishga qaratiladi. Ustuvor sohalar qatorida savdoni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligida hamkorlik, shuningdek “yashil” energetika va turizm yo‘nalishlaridagi loyihalar bor.

Kun tartibiga madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirish, jumladan ta’lim va madaniyat sohalaridagi hamkorlik masalalari ham kiritilgan. Muzokaralarda xalqaro kun tartibi ham alohida muhokama qilinadi. Tomonlar dolzarb global va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashadi, shuningdek ko‘p tomonlama maydonlarda hamkorlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash masalalarini ko‘rib chiqadi.

Shuningdek, Albaniya Prezidenti yubiley V Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etadi.

3730

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→