Yangiliklar/Jamiyat

Sergeli tumanida gastronomik koʻcha ochiladi

Jamiyat 4 iyun, 12:43
Sergeli tumanida gastronomik koʻcha ochiladi

Toshkentning Sergeli tumanida yangi 24 soat ishlaydigan gastronomik ko‘cha barpo etiladi. Bu haqdagi qaror 3-iyun kuni poytaxt hokimi tomonidan imzolandi.

Loyiha Yangi Sergeli hududida amalga oshiriladi. Uni moliyalashtirish uchun shaharni rivojlantirish jamg‘armasidan 5 mlrd so‘m ajratiladi. Mablag‘lar qurilish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga yo‘naltiriladi. Ko‘chaning umumiy uzunligi 1200 metrni tashkil etadi. U ikki qismni o‘z ichiga oladi: 500 metri Sog‘diyona ko‘chasida va 700 metri Jaloir ko‘chasida.

Loyiha piyodalar uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan. Hududda transport tezligi cheklanadi, bordyurlar pasaytiriladi. Mavjud daraxtlar saqlab qolish rejalashtirilgan. Ko‘cha bo‘ylab dam olish hududlari, tadbirlar uchun maydonchalar va favvoralar tashkil etiladi. Shuningdek, yaqin atrofdagi yo‘llar ham tartibga keltiriladi.

Shahar tomonidan tayyor savdo va ovqatlanish nuqtalari uchun yengil konstruksiyalar, yoritish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari ta’minlanadi. Tadbirkorlarga alohida qurilish qilish talab etilmaydi. Kutilishicha, yangi maskan kuniga 60 000 tashrif buyuruvchilarni jalb qiladi.

3710

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→