Yangiliklar/Jamiyat

Yashnobodda «Alimkent» mahallasini yangilash boshlandi

Jamiyat 3 iyun, 21:19
Yashnobodda «Alimkent» mahallasini yangilash boshlandi

Yashnobod tumanida «Alimkent» mahallasini rekonstruksiya qilish ishlari boshlandi. Loyiha 13 gektar hududni qamrab oladi. Bu yerda 41 ta ko‘p qavatli uy joylashgan bo‘lib, ularda 5,2 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi.

Ishlar boshlanishidan oldin tuman hokimi Baxtiyor Rahmonqulov aholi bilan uchrashdi. Unda birinchi navbatda nimalarni yangilash kerakligi muhokama qilindi. Rasmiylarga ko‘ra, barcha o‘zgarishlar aholi fikrini inobatga olgan holda amalga oshiriladi, jarayon ochiq bo‘ladi.

Loyiha doirasida 25 ta bolalar maydonchasi va 18 ta ochiq sport zonasi quriladi. Shuningdek, sport maydoni, amfiteatr, markaziy favvora va «Nuroniylar maskani» markazi barpo etiladi. Hududda 26 ta ayvon o‘rnatiladi, tozalangan kanal bo‘ylab sayilgoh tashkil qilinadi.

Bundan tashqari, 11 ta avtoturargoh, 2 ta avtobus bekati, yangi mahalla markazi va chiqindilarni yig‘ish uchun 4 ta zamonaviy nuqta barpo etiladi.

Pudratchilarga ishlarni belgilangan muddatda va sifatli bajarish topshirildi. Hokimiyatda ta’kidlanishicha, rekonstruksiya jarayoni har kuni nazorat qilinadi.

4390

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→