Yangiliklar/Ekologiya

Toshkentda Bo‘zsu kanali bo‘yida yashil hudud tashkil etiladi

Ekologiya 3 iyun, 12:45
Toshkentda Bo‘zsu kanali bo‘yida yashil hudud tashkil etiladi

Toshkentning Uchtepa tumanida Bo‘zsu kanali bo‘yida obodonlashtirish ishlari boshlandi. Ushbu hududda aholining dam olishi, sayr qilishi va sport bilan shug‘ullanishi uchun yashil maskan tashkil etish rejalashtirilgan. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha davomida mavjud daraxt va ko'chatlar saqlab qolinadi. Hududga qo‘shimcha ravishda yangi ko‘chatlar ekiladi. Ishlar tabiiy relyef va hayvonot olamiga zarar yetkazmagan holda olib borilishi aytilmoqda.

Kanal bo‘ylab piyodalar va velosiped yo‘laklari, bolalar maydonchalari, sport zonalari hamda jamoat joylari tashkil etiladi. Hududda yoritish tizimi va himoya panjaralari o‘rnatiladi. Shuningdek, beshta mahallani bog‘laydigan piyodalar ko‘prigi qurilishi ko‘zda tutilgan.

Aholi uchun baliq ovlashga mo‘ljallangan alohida joylar ham ajratiladi. Bundan tashqari, baydarka va kanoeda eshkak eshish kabi suv sporti turlari uchun maxsus zonalar yaratiladi.

Loyiha doirasida yovvoyi qushlar va hayvonlar uchun ekologik orolchalar barpo etiladi. Hokimlik daraxtlarni kesishga yo‘l qo‘yilmasligini bildirdi. Bu jarayon shahar hokimligi va ekologiya xizmatlari nazoratida bo‘ladi.

Loyiha muhokamasi davomida mahalla faollari va aholining takliflari ham tinglandi. Ularning fikrlari tashabbusni yanada takomillashtirishda inobatga olinadi.

4130

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→